Top-300 oliygohlarda magistraturada o‘qiyotgan qizlarning kontrakti qoplanadi
Ehtiyojmand ayollar uchun grantlar oshiriladi, startaplarga 500 mln so‘mgacha mablag‘ ajratiladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev raisligida 6-mart kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda xotin-qizlarning ta’lim olishi va ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi choralar e’lon qilindi. Unga ko‘ra, top 300 talikdagi oliygohlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlari asosida magistratura bosqichida tahsil olayotgan talaba-qizlarning kontrakt pullari davlat tomonidan qoplab beriladi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan qizlarning soni 904 mingdan oshib, jami talabalarning 54% ini tashkil etmoqda. O‘tgan yili 60 nafar o‘zbekistonlik qiz dunyoning eng nufuzli oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirgani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, stajyor-tadqiqotchilar va doktoranturada tahsil olayotganlarning 8,5 ming nafari, ya’ni 61%i xotin-qizlar ekani qayd etildi. Prezident Kegeyli tumanidan Indira Satniyazova, buxorolik Vazira Fayzullayeva, navoiylik Mashhura Qudratovaning xalqaro fan olimpiadalarida erishgan yutuqlarini, shuningdek, buvaydalik Dilafruz Jo‘raboyevaning xalqaro startap tanlovlaridagi g‘alabalari hamda nufuzli Microsoft kompaniyasining O‘zbekistondagi elchisi sifatida tan olinganini alohida e’tirof etdi.
Yangi o‘quv yilidan boshlab ehtiyojmand oilalardagi ayollar uchun ajratiladigan davlat granti kvotasi ikki barobar oshirilib, 4 mingga yetkazilishi belgilandi. Bundan tashqari, maktabning 11-sinfini tamomlab, davlat texnikumlariga o‘qishga kirgan qizlarni kasbga o‘qitish to‘liq davlat granti asosida amalga oshiriladi.
Endilikda har yili xotin-qizlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kamida 10 ta yo‘nalish bo‘yicha startap tanlovlari o‘tkaziladi. Har bir yo‘nalish g‘olibiga Innovatsiya jamg‘armasidan 500 mln so‘mgacha grant ajratilishi belgilangan.
Avvalroq TOP-300 universitetlarga kirgan yoshlar va pedagoglar uchun ta’lim krediti berilishi haqida hukumat qarori qabul qilingandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ