Tilmoch AI: O‘zbek startapi turkiy tillarni birlashtirmoqda
Bu nafaqat tarjima vositasi, balki turkiy tillarni raqamli muhitda birlashtiruvchi platformaga aylanmoqda
O‘zbekistonlik 25 yoshli dasturchi va tilshunos-texnolog Muhammadsaid Mamasaidov asos solgan Tilmoch AI startapi yaqinda $1,5 mln baholovda $150 ming miqdorida sarmoya jalb qildi. Bugun platformaning oyiga 130 mingdan ortiq faol foydalanuvchisi va 50 dan ziyod korporativ mijozlari bor.

Tilmoch AI nafaqat tarjima vositasi, balki turkiy tillarni raqamli muhitda birlashtiruvchi platformaga aylanmoqda. Mamasaidov Muhammadsaid bilan suhbatda sarmoya, bozor, til suvereniteti va startap yo‘lidagi eng muhim darslar haqida so‘radik.
Texnologiya va tilni birlashtirgan yo‘l
Dasturchi oilasida ulg‘ayganim uchun texnologiyaga bolaligimdan oshno edim. Inxa universitetida o‘qish davomida esa o‘zbek tiliga bo‘lgan qiziqishim yanada kuchaydi.
Universitet davrida u UZWORDNET loyihasida ishtirok etib, o‘zbek tilining raqamli bazasini yaratishda qatnashgan. Aynan shu tajriba kelajakdagi Tilmoch AI konsepsiyasiga turtki bergan.
Avval Muhammadsaid “Tahrirchi” nomli loyihani yaratgan — u o‘zbek tilidagi matnlarni tahrir qilish va xatolarni aniqlashga mo‘ljallangan edi. Loyiha mGovAward-2022 va President Tech Award-2023 tanlovlarida g‘olib chiqdi. Ammo monetizatsiya bilan bog‘liq muammolar tufayli jamoa yangi yo‘nalishga — sun’iy intellekt asosidagi tarjima tizimiga o‘tishga qaror qildi.
Tahrirchi loyihasini yopish men uchun eng og‘ir qaror bo‘lgan. Lekin aynan shu qaror Tilmoch’ning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

Sarmoya va ishonch
Tilmoch AI yaqinda AloqaVentures, Yoshlar Ventures va IT Park Ventures ishtirokida $150 ming sarmoya jalb qildi.
“Investorlar bizning o‘sishimizni kuzatib kelishgan. Ishonch birdaniga emas, bosqichma-bosqich paydo bo‘ldi, — deydi Muhammadsaid.
Pre-seed raundi — startap hayotidagi eng muhim davr. Bu bosqichda tajriba va maslahat juda katta rol o‘ynaydi.
Jalb qilingan mablag‘lar asosan texnologik rivojlanish va ilmiy-tadqiqot ishlariga yo‘naltiriladi. Shuningdek, startap Ozarbayjon, Gruziya, Qirg‘iziston va Tojikiston bozorlariga chiqishni rejalashtirgan.
Organik o‘sish va foydalanuvchi ishonchi
Bugun Tilmoch AI oyiga 130 mingdan ortiq faol foydalanuvchiga ega.
O‘sishimizning asosiy sababi — organik tarqalish. Odamlar bir-biriga tavsiya qildi. Tarjima muammosi hammaniki, shuning uchun bu ehtiyoj tabiiy ravishda o‘sdi.
Startap freemium model asosida ishlaydi: dastlab bepul sinov, keyin esa $4 va $15 tariflar. Shuningdek, API xizmati orqali boshqa dasturlarga integratsiya imkonini beradi. B2B segmentida esa banklar, xorijiy kompaniyalar, elchixonalar va IT-kompaniyalar faol foydalanmoqda.
“Til suvereniteti” va sun’iy intellektning roli
Sun’iy intellekt odamlarning yozish uslubini o‘zgartiryapti. Endi har kim o‘rtacha darajada ‘yaxshi yozuvchi’ bo‘lishi mumkin. Ammo bu yozish ko‘nikmasini yo‘qotish xavfini ham keltiradi.
Muhammadsaidning fikricha, kelajakda ikki turdagi mualliflar shakllanadi:
— sun’iy intellekt yordamida yozuvchilar;
— va asl ijodkorlar — til ustalari.
Tilmoch AI bu jarayonda texnologiyani tilga xizmat qildirishni maqsad qilgan. Platforma yaqinda janubiy o‘zbek tili (Afg‘onistondagi o‘zbeklar tili) uchun alohida model chiqardi.
6 mln so‘zlovchisi bo‘lgan, ammo raqamli muhitda mavjud bo‘lmagan til uchun model yaratdik. Bizning missiyamiz — kichik tillar uchun ham imkoniyat yaratish.
Kelajak rejalari
Muhammadsaid hozircha qisqa muddatli rejalar bilan ishlashni afzal ko‘radi.
2025-yil oxirigacha aniq rejam bor, lekin uzoq muddatli strategiyalarni hozircha shakllantirganim yo‘q. Har oy yangi narsa o‘rganamiz.
Uning fikricha, Tilmoch AI kelgusi yillarda Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasida birinchi darajali tarjima platformasiga aylanishi mumkin.
Yosh tadbirkorlarga maslahat
O‘zbekiston bozori start uchun zo‘r joy, lekin keyinchalik bu yerda ‘ildiz otib qolish’ xavfi bor. Birdaniga butun Markaziy Osiyo yoki AQSh bozoriga chiqishga harakat qiling. Mehnat bir xil, lekin natija — umuman boshqacha.
Tilmoch AI — texnologiya orqali tilni asrash
Bugun Tilmoch AI nafaqat tarjima vositasi, balki madaniyatlararo ko‘prikka aylanmoqda. Platforma foydalanuvchilarga o‘z ona tilida sifatli ma’lumot olish imkonini yaratmoqda.
Har qanday millatning kuchi — uning tilidadir. Biz yaratayotgan texnologiyalar aynan shu boylikni asrash va rivojlantirishga xizmat qiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ