2025-yil birinchi chorakda O‘zbekiston tijorat banklari 3,4 trln so‘m sof foyda oldi

Banklar orasida yuqori daromadni O‘zmilliybank va O‘zsanoatqurilishbank ko‘rgan

2025-yil birinchi chorakda O‘zbekiston tijorat banklari 3,4 trln so‘m sof foyda oldi

2025-yilning birinchi choragida O‘zbekiston tijorat banklari 3,4 trln so‘m sof foyda oldi. Bu 2024-yilning mos davriga nisbatan 1 trln so‘mga yoki 41,7% ga ko‘proq hisoblanadi.

Eng ko‘p sof foyda olgan 10 ta bankning 3 tasi davlat banklari hisoblanadi. Xususan, O‘zmilliybank va O‘zsanoatqurilishbank eng ko‘p sof foyda olgan banklar hisoblanadi.

Davlat banklari

Davlat ulushi mavjud banklar 2025-yilning ilk choragida 1,2 trln so‘m sof foyda olgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 685 mlrd so‘mga yoki 122,7% ga ko‘proq deganidir. Davlat banklarining barchasi chorakni foyda bilan yakunlagan.

Yuqorida aytilganidek, barcha banklar (shu jumladan davlat banklari) orasida eng ko‘p sof foydani O‘zmilliybank (468 mlrd so‘m) va O‘zsanoatqurilishbank (404 mlrd so‘m) olgan.

2024-yilning mos davri bilan taqqoslaganda uchta bank sof foydasida sezilarli pasayish kuzatilgan. Bular Agrobank (-49,4%), Asakabank (-75,8%) va Turonbanklar (-38,2%) hisoblanadi.

Shuningdek, foiz hisobida Aloqabank (+381%), Mikrokreditbank (+277%) va Biznesni rivojlantirish bankida (+150%) ijobiy o‘sish qayd etilgan.

Ma’lumot uchun, Biznesni rivojlantirish banki 2024-yil birinchi choragini 394 mlrd so‘m zarar bilan yakunlagandi. 2025-yilning ilk uch oyini esa bank 196 mlrd so‘mdan ko‘proq sof foyda bilan tugatdi.

Boshqa banklar

Davlat nazoratida bo‘lmagan banklar yanvar-mart oylarida jami 2,1 trln so‘m sof foyda olgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,3% ga yoki qariyb 321 mlrd so‘mga ko‘proqdir.

Davlat ulushi bo‘lmagan banklar orasida sof foyda bo‘yicha Hamkorbank (393,4 mlrd so‘m), Orent Finans bank (282,1 mlrd so‘m) va Ipak Yo‘li banklari (280,4 mlrd so‘m) yetakchi bo‘lgan. Kapitalbank (276,4 mlrd so‘m) hamda Trastbank (200,8 mlrd so‘m) TOP-5’talikdan o‘rin olgan.

2024-yilning mos davri bilan solishtirganda foydaning eng yuqori o‘sishi ANORBANK’da (+958,8) kuzatilgan. Bank 1-chorakni 117 mlrd so‘mdan ko‘proq sof foyda bilan tugatgan va bu o‘tgan yil mos davriga nisbatan 10 barobarga ko‘proqdir.

Shu bilan birga, Octobank (+397,5%) hamda Uzum Bank (+361,6%) natijalarida ham e’tiborga molik o‘sish yuz bergan. 2024-yilning shu davrini 11 mlrd so‘mdan ko‘proq bilan zarar bilan yakunlagan Hayot Bank, 2025-yilning ilk choragida 17 mlrd so‘mdan ko‘proq sof foyda olishga erishgan.

Shuningdek, banklarining oltitasi yilni zarar bilan yakunlagan. Ular orasida 2024 yilning birinchi kvartalini 3,6 mlrd so‘mdan ko‘proq sof foyda bilan tugatgan Ipoteka bank ham bor. Bank chorak davomida 30,7 mlrd so‘mdan ko‘proq zarar ko‘rgan.

Ipoteka bankdan tashqari yana beshta bank — Yangi Bank, Garant bank, Apex bank, AVO Bank va Yevroosiyo banklari ham chorakni moliyaviy zarar bilan yakunlagan.

Barcha banklarning 2025-yilning ilk choragidagi moliyaviy natijasi hamda o‘tgan yilning mos davri bilan dinamikasini quyidagi infografika orqali ko‘rish mumkin.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Raqobat qo‘mitasiga 2024–2025 yillarda 45 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi
/
Raqobat qo‘mitasiga 2024–2025 yillarda 45 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi
XVJ O‘zbekistonga davlat banklarini xususiylashtirishni tezlashtirishni tavsiya qildi
/
XVJ O‘zbekistonga davlat banklarini xususiylashtirishni tezlashtirishni tavsiya qildi
O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket ikkinchi kun ko‘tarildi
/
O‘zbekistonda dollar kursi ketma-ket ikkinchi kun ko‘tarildi