Tesla aksiyadorlari Ilon Mask uchun $1 trlnlik kompensatsiya paketini ma’qulladi
Ushbu mukofotni olish uchun kompaniyaning bozor kapitallashuvi $8,5 trlnga yetishi kerak
Reuters xabariga ko‘ra, Tesla investorlari Ilon Maskning kompaniyani sun’iy intellekt va robototexnika sohasidagi yetakchiga aylantirish haqidagi qarashini qo‘llab, unga $1 trlngacha bo‘lgan korporativ to‘lov rejasini ma’qulladi.
Mask o‘n yil davomida $1 trlngacha aksiyalar olishi mumkin, bu paketning sof qiymati $878 mlrd deb baholanmoqda. To‘lovlar quyidagi maqsadlarga erishishga bog‘liq: 20 mln avtomobil yetkazib berish, 1 mln robotaksi ishga tushirish, 1 mln robot sotish va $400 mlrd foyda olish.
Texas shtatining Ostin shahrida o‘tkazilgan yillik yig‘ilishda taklif uchun 75% dan ortiq aksiyadorlar ovoz berdi. Mukofotni olish uchun Teslaning bozor kapitallashuvi $1,5 trlndan $8,5 trlngacha o‘sishi kerak bo‘ladi.
Aksiyadorlar, shuningdek, uch direktorning qayta saylanishini, har yillik kengash saylovlarini hamda avvalgi to‘lov rejasi o‘rniga yangi mukofot dasturini ma’qulladilar. Ayrim investorlar, jumladan, Norvegiya suveren jamg‘armasi, bunga qarshi chiqdi, biroq ko‘pchilik bu paketni uzoq muddatda aksiyadorlar uchun foydali deb hisoblagan.
Maskning ta’kidlashicha, ushbu reja kompaniyaning uzoq muddatli o‘sishiga va yangi texnologiyalarni — jumladan, batareya ishlab chiqarishni kengaytirish va elektr transport infratuzilmasini rivojlantirishni — yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.
Avvalroq Kapital.uz xabar berganidek, oktabr oyida Ilon Mask tarixda boyligi $500 mlrd bo‘lgan birinchi insonga aylangan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ