Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘li rejalashtirilgan muddatdan ikki yil oldin qurib bitkazilishi mumkin
“O‘zbekiston temir yo‘llari” vakili aytishicha, loyiha 6 yil o‘rniga 4 yilda yakunlanishi kutilmoqda
Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi jadvaldan oldindan ketmoqda va avval rejalashtirilganidan ertaroq yakunlanishi mumkin. Bu haqda 12-noyabr kuni Multimodal tashishlar bo‘yicha xalqaro forum doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi birinchi o‘rinbosari Hikmatulla Rahmatov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kompaniyaning ilk xorijiy investitsion loyihasi va qurilish sur’atlari kutilganidan yuqori bo‘lmoqda
Temir yo‘l loyihasi bugungi kunda grafikdan oldinda ketyapti. Ya’ni biz buni olti yilda quriladi, deb hisoblagandik, lekin bugungi kunda qurilish jarayoniga qaraydigan bo‘lsak, balki, to‘rt yilda ham bitirish ehtimoli bor, — dedi u.
Rahmatov, shuningdek, yo‘nalishning ishga tushirilishi qanday natija berishini tushuntirdi.
Bu birinchidan, Xitoy bilan Yevropa orasida, Xitoy bilan Markaziy Osiyo, Kavkaz davlatlari orasida bo‘lgan masofani mavjud yo‘limizga nisbatan 1000 kilometrdan ko‘pga qisqartiradi. Uning hozir rivojlanib ketayotgan iqtisodiyotimizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’siri juda ham yuqori, — dedi u.
Transport vaziri Ilhom Mahkamov aytishicha, “Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston” temiryo‘li Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi eng qisqa mintaqaviy yo‘nalishni yaratadi, istiqboldagi Transafg‘on koridori esa O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlariga Pokiston portlari orqali Hind okeaniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkonini beradi hamda mintaqa tranzit salohiyatini keskin oshiradi.
Uning fikricha, kelgusida bu ikki yo‘nalish Xalqaro Transkaspiy transport koridorining tarkibiy qismiga aylanib, “Xitoydan Yevropagacha uzluksiz multimodal yo‘nalish”ni shakllantiradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ