Telegram $1,5 mlrdlik obligatsiyalar chiqarishni rejalashtirmoqda
Bundan tashqari, messenjer xAI kompaniyasining Grok sun’iy intellekti bilan integratsiyasini e’lon qildi

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Telegram 1,5 milliard dollarlik konvertatsiya qilinadigan obligatsiyalar chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal xabar bermoqda.
Eng yirik investor sifatida AQShning BlackRock investitsiya kompaniyasi qatnashadi. Shuningdek, joylashtirishga Abu-Dabidagi Mubadala jamg‘armasi va AQShdagi Citadel xedj-fondi ham qo‘shilishi kutilmoqda. Obligatsiyalar investorlarga yillik 9% daromad keltiradi hamda Telegramning IPOdan keyingi aksiyalariga ayirboshlash imkoniyatini nazarda tutadi.
Messenjerning operatsion va moliyaviy ko‘rsatkichlari barqaror o‘sib borayotgani, jumladan, o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha $540 mln sof foyda olganini hisobga olgan holda, mutaxassislar kompaniya zarur mablag‘larni muammosiz jalb qila olishini ta’kidlashmoqda.
Fransiyada messenjer asoschisi Pavel Durovga nisbatan tergov olib borilayotganiga qaramay, investorlar qimmatli qog‘ozlarga qiziqish bildirmoqda. Telegram jalb qilingan mablag‘larning bir qismini 2026-yilda to‘lash sharti bilan chiqarilgan obligatsiyalarni sotib olishga yo‘naltiradi.
Bundan tashqari, yozda Telegram foydalanuvchilari Ilon Maskning xAI kompaniyasining Grok chat-botiga kirish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Telegram va xAI o‘rtasida bir yillik hamkorlik shartnomasi imzolandi. Shartnoma doirasida bot barcha Telegram ilovalariga integratsiya qilinadi va bir milliarddan ortiq foydalanuvchilar uchun mavjud bo‘ladi.
Kelishuv moliyaviy shartlarni ham o‘z ichiga oladi: Telegram naqd pul va xAI’dagi ulushlar ko‘rinishida $300 mln, shuningdek, platforma orqali Grok’ga obuna bo‘lishdan tushadigan daromadning 50% ini oladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ