TBC Uzbekistan operatsion daromadi 3,17 trln so‘mga yetdi
Sof foyda 581 mlrd so‘mni tashkil etdi, kredit portfeli 11,4 trln so‘mga kengaydi
Фото: TBC
TBC Uzbekistan ekotizimi 2025-yil yakunlari bo‘yicha xalqaro moliyaviy hisobotini e’lon qildi. Unga ko‘ra, kompaniyaning operatsion daromadi 3,17 trln so‘mni tashkil etgan.
Hisobot davrida guruh daromadlari o‘tgan yilga nisbatan 1,5 barobardan ko‘proqqa oshdi. 12 oy yakunida sof foyda 581 mlrd so‘m darajasida qayd etildi. Kredit portfeli 11,4 trln so‘mga yetgan bo‘lsa, jalb qilingan depozitlar hajmi dekabr oxiriga kelib 6,68 trln so‘mni tashkil etdi.
Kompaniya servislarida amalga oshirilgan to‘lov operatsiyalari hajmi 114,45 trln so‘mgacha yetdi. Hozirda TBC Bank va Payme platformasi mamlakatdagi barcha tranzaksiyalarning qariyb beshdan bir qismini tashkil etadi. Ekotizim foydalanuvchilari soni 23 mln nafarga yetib, ularning 6 mln nafari xizmatlardan har oy foydalanmoqda.
Chakana yo‘nalishda TBC Salom debet kartalari soni 2026-yil fevraliga kelib 1 mln donadan oshdi, TBC Osmon kredit kartalari esa 146 ming donani tashkil etdi. Kompaniyaning sug‘urta yo‘nalishi bir yilga yetmagan vaqt ichida 400 mingdan ortiq polis rasmiylashtirdi, bo‘lib-bo‘lib to‘lash servisining faol foydalanuvchilari soni 140 ming nafarga yetdi.
Savdo nuqtalarida berilgan kreditlar portfeli 1,29 trln so‘mgacha kengaydi, obuna xizmatlaridan muntazam foydalanuvchilar soni yil oxiriga kelib 708 ming kishini tashkil etdi. Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash ham ustuvor yo‘nalish bo‘lib, korporativ mijozlar soni 55 ming nafarga, ularga ajratilgan kreditlar hajmi esa 1,83 trln so‘mga yetdi. BILLZ kompaniyasining nazorat paketi sotib olingach, tizimga yillik aylanmasi 17,5 trln so‘m bo‘lgan 5,5 ming savdo nuqtasi integratsiya qilindi.
Texnologik rivojlanish doirasida qarzdorlik bo‘yicha qo‘ng‘iroqlarning 90%i sun’iy intellekt yordamida qayta ishlanmoqda. Mobil ilovalarga ovozli yordamchi va shaxsiy assistent joriy etildi. Ichki statistika ma’lumotlariga ko‘ra, murojaatlarning 97%i birinchi aloqadayoq hal etilmoqda, operator javobini kutishning o‘rtacha vaqti esa 30 soniyani tashkil etadi.
TBC Uzbekistan rahbari Nika Kurdiani o‘tgan yil kompaniya tanlagan biznes-model samaradorligini tasdiqlaganini ta’kidladi. Joriy yilda tadbirkorlar uchun yangi vositalarni rivojlantirish hamda mijozlarga xizmat ko‘rsatish tizimlarida sun’iy intellekt yechimlarini kengaytirish rejalashtirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ