“TBC Bank Group PLC” kompaniyasi “Shoppe Group” ning 46,67% ulushlarini sotib oladi
Raqobat qo‘mitasi bu haqdagi bitimni ma’qulladi

Фото: TBC
Raqobat qo‘mitasi “TBC Bank Group PLC” kompaniyasi tomonidan “Billz” platformasiga egalik qiluvchi “Shoppe Group” MCHJ XKning 46,67% ulushlarini sotib olish bo‘yicha bitimini ma’qulladi.
“TBC Bank Group PLC” kompaniyasi – holding kompaniyalari faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilot hisoblanadi.
“Shoppe Group” MCHJ XK “Billz” savdo belgisi ostida bulutli texnologiyalar asosida savdo va tovarlar hisobini yuritish, elektron tijorat vositalari yordamida onlayn xizmatlar ko‘rsatadi.
“TBC Bank Group PLC” kompaniyasiga bilvosita “TBC bank” ATB va onlayn to‘lov tizimlari xizmatini ko‘rsatuvchi “Payme” AJ raqamli platformasiga egalik qiladi.
Qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, mazkur bitimga oldindan rozilik berish haqida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, mazkur bitim yuzasidan raqobatni ta’minlash maqsadida majburiy talablar qo‘yildi:
- “Billz” platformasi foydalanuvchilari, jumladan bir vaqtning o‘zida “TBC Bank” ATB va “Payme” AJ bilan raqobatlashuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun xizmatdan foydalanish shartlariga bir tomonlama va asoslanmagan tarzda tarzda ta’sir ko‘rsatishga yo‘l qo‘ymaslik;
- “Billz” platformasi orqali to‘planuvchi yoki qayta ishlanuvchi ma’lumotlardan foydalanishda “TBC Bank” ATB va “Payme” AJ bilan raqobatda bo‘lgan tijorat tashkilotlarining mijozlariga oid hamda iste’molchilarning shaxsiy yoki tijorat ma’lumotlarini raqobatni cheklash yoki “TBC Bank” ATB va “Payme” AJning bozordagi mavqeini mustahkamlash maqsadida har qanday shaklda foydalanmaslik yoki oshkor qilmaslik choralarini ta’minlash;
- “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 18-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-maydagi 256-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 19-bandida nazarda tutilgan harakatlarni har qanday shaklda amalga oshirmaslik va ushbu qonun hamda qaror talablariga to‘liq rioya etish.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ