TBC Uzbekistan 9 oy davomida operatsion daromadini 87% ga oshirdi
Kompaniyaning sof foydasi 28% ga o‘sib, 439 mlrd so‘mni tashkil etmoqda
TBC Uzbekistan 2025-yil 30-sentabr holatiga ko‘ra xalqaro MHXS standartlari bo‘yicha moliyaviy natijalarini e’lon qildi. Bank ekotizimi 2025-yilning 3-choragi va 9 oyi davomida sezilarli o‘sish qayd etdi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, umumiy operatsion daromad 87% ga oshib, 2,416 trln so‘mga yetgan, sof foyda esa 28% ga o‘sib, 439 mlrd so‘mni tashkil etgan. Shu davrda kredit portfeli 11,7 trln so‘m, depozitlar hajmi esa 6,5 trln so‘mga yetdi.
Raqamli ekotizimning foydalanuvchilar soni ham sezilarli ortgan — noyob foydalanuvchilar soni 21,8 mln kishiga (+28%), faol oylik foydalanuvchilar esa 5,7 mln nafarga (+16%) yetgan.
TBC ekotizimiga TBC Bank, payme, TBC Nasiya, TBC Sug‘urta va BILLZ kabi kompaniyalar kiradi.
Bankning yangi mahsulotlariga talab yuqori bo‘lib qolmoqda: 2025-yil 30-sentyabr holatiga ko‘ra, 723 mingdan ortiq “Salom Card” debet kartalari va 85 ming “Osmon Card” kredit kartalari chiqarilgan.
Kichik va o‘rta biznes uchun mo‘ljallangan kredit portfeli 34% ga oshdi. payme tizimidagi faol merchantlar soni 13,2 ming taga (+90%) yetgan.
Ekotizimni kengaytirish
2025-yil avgustida TBC Bank Group xalqaro texnologik investitsiya guruhi Prosusdan OLX Uzbekistan aksiyalarining nazorat paketini sotib olishga kelishdi.
Shuningdek, hisobot davrida TBC Bank Group chakana savdoni avtomatlashtiruvchi BILLZ platformasining nazorat paketini ham qo‘lga kiritdi.
Bank sun’iy intellekt (AI) texnologiyalarini faol joriy etmoqda. AI-agentlar kredit kechikishining dastlabki bosqichida eslatma qo‘ng‘iroqlarning 90% ini amalga oshirgan, savdo bot esa oyiga 100 mingdan ortiq mijoz bilan muloqot qilgan. 2025-yil oxirigacha mobil ilovada AI yordamchisini ishga tushirish rejalashtirilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ