O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi $75,4 mlrdga yetdi

2025-yilning 9 oyi davomida mamlakatga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimi 1,7 barobarga o‘sgan

O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi $75,4 mlrdga yetdi

2025-yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonning tashqi qarzi $11 mlrddan ortiqqa oshdi. Bu haqda Markaziy bankning mamlakat to‘lov balansi, xalqaro investitsiyaviy mavqei va tashqi qarziga bag‘ishlangan sharhida keltirilgan.

Bu davrda mamlakatning tashqi sektorida kuzatilgan ijobiy tendensiyalar, xususan eksportning importga nisbatan yuqori sur’atlarda o‘sishi hamda O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining sezilarli oshishi uchinchi chorak davomida ham saqlanib qoldi.

Natijada, 9 oy yakuni bilan joriy operatsiyalar hisobi $207,3 mln manfiy saldo bilan shakllandi (2024-yilning 9 oyida $3,1 mlrd).

Mazkur davrda xalqaro bozorlarda xomashyo narxlarining o‘zgarishi hamda norezidentlarga ko‘rsatilgan xizmatlar hajmining ko‘payishi eksport ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Jami eksport hajmi 2024-yilning mos davriga nisbatan 32,8% ga o‘sib, $26,1 mlrdni tashkil qildi.

Mamlakatda investitsiyaviy faollik va ichki iste’mol talabi yuqori darajada saqlanib qolishi sharoitida xorijdan mashina va uskunalar, kimyoviy, maishiy va oziq-ovqat tovarlari hamda boshqa xomashyolar keltirilishi sababli jami import hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15,4% ga o‘sib, $36,7 mlrdga yetdi.

2025-yilning 9 oyida savdo balansining manfiy saldosi 2024-yilning mos davriga nisbatan 12,6% ga kamayib, $10,6 mlrdni tashkil qildi.

Bu davrda O‘zbekistonga kelib tushgan xalqaro pul o‘tkazmalar hajmining o‘sishi birlamchi va ikkilamchi daromadlar balansi ijobiy saldo (mos ravishda $624,9 mln va $9,8 mlrd) bilan shakllanishiga sabab bo‘ldi.

Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi moliyaviy hisob bo‘yicha kapital tushumlar, xususan, to‘g‘ridan to‘g‘ri, portfel investitsiyalar va boshqa mablag‘lar jalb qilinishi hisobiga moliyalashtirildi.

2025-yilning 9 oyi davomida mamlakatga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof kiritilishi undan oldingi yilning mos davriga nisbatan 1,7 barobarga o‘sib, $2,9 mlrdga teng bo‘ldi.

Portfel investitsiyalarning sof jalb qilinishi asosan xalqaro obligatsiyalar bilan bog‘liq operatsiyalar hisobiga 2024-yilning mos davriga nisbatan 2,2 barobarga oshib, $3,8 mlrdni tashkil qildi.

Yuqoridagi tarkibiy omillar hisobiga 2025-yilning 9 oyi yakuni bo‘yicha moliyaviy hisob manfiy saldosi $955,8 mlnni tashkil etdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda 661 mingdan ortiq fuqaro kripto platformalarda ro‘yxatdan o‘tdi
/
O‘zbekistonda 661 mingdan ortiq fuqaro kripto platformalarda ro‘yxatdan o‘tdi
O‘zbekistonda mayning faoliyati uchun ilk litsenziya berildi
/
O‘zbekistonda mayning faoliyati uchun ilk litsenziya berildi
2025-yilda 10 mln so‘mgacha bo‘lgan P2P o‘tkazmalari hajmi 70% dan oshgan
/
2025-yilda 10 mln so‘mgacha bo‘lgan P2P o‘tkazmalari hajmi 70% dan oshgan