“Tashabbusli budjet”ning 1-mavsumi doirasida ovoz berish bosqichi boshlandi
Loyihalar keyingi bosqichlarda hisobga olinishi uchun kamida 50 ta ovoz to‘plashi shart
O‘zbekistonda “Tashabbusli budjet”ning 2026-yilgi 1-mavsumi doirasida ovoz berish bosqichi boshlandi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar qildi.
Ovoz berish jarayonlari 20-mart soat 23:59 ga qadar davom etadi. An’anaviy ovoz berish bosqichi yakunlariga ko‘ra g‘olib loyihalar 21-mart — Navro‘z bayrami kuni e’lon qilinadi. 21−31-mart kunlari qo‘shimcha g‘oliblarni e’lon qilish bosqichi o‘tkaziladi.
Quyidagi usullardan biri orqali ovoz berishda ishtirok etish mumkin:
- “Ochiq budjet” portalining veb sahifasi;
- portalning mobil ilovasi (Android va iOS);
- Telegram’dagi rasmiy bot yordamida ovoz berishingiz mumkin.
Joriy mavsumdan boshlab loyihalarning eng yuqori qiymati qurilish-ta’mirlash loyihalari bo‘yicha — 1,648 mlrd so‘m (BHMning 4000 baravari), jihozlash loyihalari bo‘yicha — 824 mln so‘m (BHMning 2000 baravari)ni tashkil etadi.
Istisno tariqasida mahallalari soni 15 va undan kam bo‘lgan tuman (shahar)larda tanaffus berish amaliyoti qo‘llanmaydi. Fuqarolarga loyihalarni sherikchilik asosida moliyalashtirish imkoniyati yaratiladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga tegishli okrugdagi g‘olib bo‘la olmagan 1 tadan loyihani qo‘shimcha ravishda g‘olib deb e’lon qilish imkoniyati beriladi.
Yaqinda Senat kengashi qarori bilan “Tashabbusli budjet” tartibiga o‘zgartirishlar kiritilgandi. Endi loyihalar keyingi bosqichlarda hisobga olinishi uchun kamida 50 ta ovoz to‘plashi shart. Jihozlash loyihalari qiymati cheklandi, qo‘shimcha g‘oliblarni aniqlash va sherikchilik asosida moliyalashtirish tartibi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yilda mazkur dasturga 6 trln so‘m ajratish ko‘zda tutilgan. Shundan 496 mlrd so‘m deputatlik tashabbuslari amaliyotini joriy etishga, 506 mlrd so‘m esa aholi va davlat o‘rtasidagi “qo‘shma moliyalashtirish” shaklidagi hamkorlik loyihalarini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ