O‘zbekistonda xususiy sektorni ishchi kuchi bilan ta’minlash uchun yangi tizim yaratiladi
Shuningdek, bitiruvchini ishga olganlik uchun tadbirkorga qo‘shimcha ball beriladi

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Bugun, 8-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash masalalari yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.
Prezident matbuot xizmati xabar berishicha, endilikda qiymati $1 mlndan, ishchilar soni 50 tadan yuqori loyihalar texnik-iqtisodiy asosida sohalar va yo‘nalishlar kesimida mutaxassislarga ehtiyoj ko‘rsatiladi. Bu asosda mas’ul vazir va tarmoq rahbari oliygohlarga buyurtma joylashtirib, kadrlarni maqsadli tayyorlashni yo‘lga qo‘yadi.
Bunda rektorlar buyurtma asosida o‘qiyotgan talabalar uchun asosiy fanlardan tashqari qo‘shimcha ta’lim modullarini joriy qiladi. Ushbu modullarni o‘qigan talabalarga kredit ballari beriladi. Talabalarning bilimi ikkinchi kursdan keyin ularni ishga olmoqchi bo‘lgan investor ishtirokida har yili baholab boriladi. Talaba diplom ishini loyihada qo‘yilgan masalalardan kelib chiqib, himoya qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, investor ehtiyojiga mos kelgan bitiruvchilar u tomonidan kafolatli ishga olinadigan tizim bo‘ladi.
Qayd etilishicha, byurokratiya sabab xususiy sektor bo‘sh o‘rinlarni ko‘rsatishdan manfaatdor emas. Shu bois, oliygoh bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha xususiy sektor uchun ma’qul keladigan tizim yaratilishi belgilandi. Buning uchun Tadbirkorlar reytingida alohida ko‘rsatkich qo‘shiladi.
Bunda tadbirkorlar o‘zidagi bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlarni mutaxassislik yo‘nalishi bilan kiritadi. Platformaga oliygohlar ham ulanib, oliygohning “karyera markazi” bitiruvchini bo‘sh o‘rni bor korxona bilan bog‘lab beradi.
Shuningdek, bitiruvchini ishga olganlik uchun tadbirkorga qo‘shimcha ball beriladi. Bitiruvchisini yarmidan ko‘pini ishga joylagan “karyera markazi”ga oliygoh jamg‘armasidan 500 mln so‘m mukofot beriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ