2025-yilning 7 oyida taksi xizmatlari aylanmasi 5 trln so‘mdan oshdi
Mamlakatdagi 215 ta taksi agregatorlaridan 55,4 mlrd so‘mlik QQS undirilgan

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2025-yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonda taksi xizmatlari bo‘yicha rasmiy aylanma 5 trln so‘mdan oshdi, deb xabar bermoqda Soliq Qo’mitasi.
Bu vaqtda 215 ta taksi agregatori soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyalashdi (2024-yilda bu ko‘rsatkich 155 tani tashkil etgandi).
Bu vaqt ichida jami 262,2 mlnta yo‘lovchi tashilgan. Aylanmaning 72,2%i (3,6 trln so‘m) naqd to‘lovlar, 27,8%i (1,4 trln so‘m) esa naqdsiz to‘lovlar orqali amalga oshirilgan.
O‘rtacha bitta chek summasi 19 077 so‘mni tashkil etdi (2024-yilda – 18 456 so‘m).
Agregatorlar orqali faoliyat yuritayotgan o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilar soni 457,3 ming nafarga yetgan. Ulardan 56,3%i (257 629 nafar) 30–50 yosh orasida, 36,3%i (166 207 nafar) 30 yoshgacha, 7,3%i (33 477 nafar) esa 50 yoshdan katta fuqarolardir. Shuningdek, agregatorlar orqali 3,48 ming nafar ayol haydovchi sifatida faoliyat yuritmoqda.
Moliyaviy natijalarga ko‘ra:
- 1,8 ming haydovchi – 100 mln so‘mdan ortiq daromad olgan;
- 19,1 ming haydovchi – 50–100 mln so‘m;
- 113,7 ming haydovchi – 10–50 mln so‘m;
- 59,4 ming haydovchi – 5–10 mln so‘m;
- 122,8 ming haydovchi – 1–5 mln so‘m;
- 140,2 ming haydovchi – 1 mln so‘mgacha daromad topgan.
Eng ko‘p ishlatilayotgan avtomobillar orasida Cobalt – 23,5 %, Nexia – 21,5 %, Lacetti – 16,9 % yetakchilik qilmoqda. Elektromobillar ulushi 1,8% ni tashkil etdi.
Avtomobillarning ishlab chiqarilgan yili bo‘yicha taqsimoti:
- 1 yilgacha – 2,1 %;
- 1–3 yil – 16,4 %;
- 3–5 yil – 42,5 %;
- 5–10 yil – 11,3 %;
- 10 yildan ortiq – 27,7 %.
2025-yilning 7 oyida agregatorlar tomonidan jami 98,8 mlrd so‘m soliq to‘langan. Shundan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) 55,4 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ