Rasman birinchi marta qonun buzgan tadbirkorlar javobgarlikdan ozod etiladi
Qarzdorligi bo‘lmagan va soliq hisobotlarini muntazam taqdim etgan tadbirkorlar faoliyati tekshirilmaydi

Фото: Kapital.uz
“Birinchi imkoniyat” tamoyili doirasida ayrim sohalardagi ma’muriy huquqbuzarlikni ilk bor sodir etgan kichik tadbirkorlik subyektlari ma’muriy javobgarlikdan ozod etiladi. Bu haqda Prezident farmoni imzolandi.
Farmonga ko‘ra, 2025-yil 1-iyuldan 2028-yil 1-yanvarga qadar kichik va o‘rta biznes subyektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishga moratoriy e’lon qilinadi.
Tadbirkorlik subyektlariga yangi tartibga solish vositalarini belgilashni yoki amaldagilarini kuchaytirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlarga nisbatan “yagona sanadan yangi qoidalar” tamoyili qo‘llanadi va ushbu normalarning kuchga kirish sanasi 1-yanvar yoki 1-iyul etib belgilanadi.
2028-yil 1-yanvarga qadar “Birinchi imkoniyat” tamoyili joriy etiladi va uning doirasida birinchi faoliyat yili davomida savdo va tadbirkorlik sohalariga oid ma’muriy huquqbuzarlikni ilk bor sodir etgan kichik tadbirkorlik subyektlari ma’muriy javobgarlikdan ozod etiladi.
2025-yil 1-sentabrdan boshlab quyidagi mezonlarga bir vaqtning o‘zida javob beruvchi kichik va o‘rta biznes subyektlarining faoliyatini ixtiyoriy ravishda tugatishda soliq tekshiruvi o‘tkazilmaydi:
- oxirgi uch yilda tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan jami daromadi 10 mlrd so‘mdan oshmagan;
- byudjet va kreditorlar oldida qarzdorligi mavjud bo‘lmagan hamda muntazam ravishda soliq hisobotlarini taqdim etayotgan;
“Xavfni tahlil qilish” elektron tizimida huquqbuzarlik sodir etish xavfi past darajada tasniflangan.
Shuningdek, startap loyihalarni moliyaviy resurslar bilan ta’minlash maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi davlat ulushi 50% dan yuqori bo‘lgan tijorat banklari hamda venchur jamg‘armalar bilan birgalikda 2026-yil 1-aprelga qadar xorijdan $50 mln midoridagi mablag‘larni jalb qilishi belgilangan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ