O‘zbekistonda 116 ta korxonaning davlat ulushlari sotuvga qo‘yiladi
Bundan tashqari, bozorlar va savdo komplekslariga egalik qilishda hokimliklarning majburiy ishtiroki to‘g‘risidagi talab bekor qilinmoqda

Фото: Пресс-служба президента
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-mart kuni davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha joriy yilgi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, oldinlari, asosan, kichik korxona va obyektlar sotilgan bo‘lsa, endilikda yirik davlat aktivlari ham sotuvga chiqarilmoqda. Jumladan, Qo‘ng‘irot soda zavodi, “Foton”, “Temiryo‘lkonteyner” kabi yirik korxonalar, International va Lotte mehmonxonalari xususiylashtirildi.
O‘tgan yili noyabrda ilk bor “xalq IPO”si bo‘yicha Tovar-xomashyo birjasining 3 mlndan ortiq aksiyasi aholiga sotildi, 11 ming odam aksiyadorga aylandi.
Lekin hali tizimda kamchiliklar, hududlar va tarmoqlarda foydalanilmayotgan imkoniyatlar ko‘p. Bo‘sh turgan joylarni iqtisodiy aktivga aylantirish, auksionga qo‘yilgan tayyor binolarni sotishda sustkashliklar bor.
Masalan, hududning ixtisoslashuvi, kommunikatsiya o‘tkazish imkoniyati o‘rganilmasdan auksionga chiqarilgan 1,5 ming gektar yer 1 yildan ortiq sotilmagan. 4 mingta yer uchastkasini auksionga chiqarishda kelishish jarayonlari kechikkan. Vazirlar va hokimlar o‘tgan yili sotilishi kerak bo‘lgan 243 ta mulkni Davlat aktivlari agentligiga o‘tkazib bermagan.
Yirik davlat korxonalarida ham ishlar jadal emas. “Avtosanoat”, “Kimyosanoat”, “Metallurgiya kombinati”, “O‘zbekneftgaz” kabi 22 ta korxona haligacha xalqaro moliyaviy hisobot yuritishga o‘tmagan. “O‘zbekiston pochtasi”, Uzbekistan Airports, “O‘zbekiston temir yo‘llari” haligacha kredit reytingi olmagan.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda bu kabi masalalarni hal etib, ishlarni jadallashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Xususiylashtirish sohasidagi 2025-yilgi maqsadlar belgilab olindi. Jumladan:
- 30 trln so‘mlik davlat mulkini sotib, byudjetga kamida 10 trln so‘m tushumni taʼminlash;
- 116 ta korxonadagi davlat ulushini va 581 ta ko‘chmas mulk obyektini sotuvga chiqarish;
- 6,1 ming gektar yerni auksionga qo‘yib, sotish hajmini 6 trln so‘mga yetkazish;
- kamida 300 ta kon va maydonni tashabbuskorlarga taklif etib, 500 mlrd so‘m tushum tushirish.
Bularning natijasida iqtisodiyotga qo‘shimcha investitsiyalar kirib kelib, tadbirkorlikka imkoniyat kengayadi, minglab ish o‘rinlari paydo bo‘ladi.
Yig‘ilishda bu maqsadlarga erishish uchun bir qator yengilliklar berilishi eʼlon qilindi.
Endi tadbirkorlar kamida besh yil ijarada foydalangan davlat mulkini to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zi sotib olishi mumkin bo‘ladi. Bugungi kunda 632 ta shunday obyekt bor. Ushbu mulklarni ijarachilarning o‘ziga sotish orqali kamida 2 trln so‘m tushum qilish mumkin.
Paxtasanoatning sotilmay qolgan 131 ta aktivlarini boshlang‘ich bahosi 50% gacha pasaytirilib, auksionga chiqariladi. Bunda tadbirkorlarga to‘lovlarni uch yilgacha bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi.
Hozirda respublikadagi 537 ta bozor va savdo majmualarining kamida 51% ulushi mahalliy hokimliklarga tegishli. Endi bu tartib ham o‘zgaradi. Bozorlarda mahalliy hokimlikning majburiy ishtirok etishi to‘g‘risidagi talab bekor qilinadi. Bu ham tadbirkorlar uchun qo‘shimcha imkoniyat bo‘ladi.
Yer maydonlarini sotish bo‘yicha ham imkoniyatlar kengaytiriladi. Masalan, auksionda uzoq vaqtdan buyon sotilmay turgan, maydoni kichik bo‘lgan yonma-yon joylashgan yer uchastkalari birlashtirilib, qayta auksionga chiqariladi.
Davlat aktivlaridan samarali foydalanib, mahalliy byudjetga tushumni ko‘paytirish bo‘yicha yaxshi tajribalar ham bor. Misol uchun, Toshkent shahrida munitsipal toifadagi joylar xatlov qilinib, elektron bazasi yaratildi. 102 ta samarasiz bino hamda 97 gektar bo‘sh yer aniqlanib, auksionga chiqarish boshlandi. O‘tgan yili bino-inshootlar ostidagi 118 gektar yer uchastkalarini xususiylashtirishdan 60 milliard so‘m tushum bo‘ldi. Bu – 2022-yilga nisbatan 5 karra ko‘p degani.
Endi ushbu tajriba barcha viloyat markazlarida, keyingi yil tumanlarda joriy qilinadi.
Sohadagi yana bir muhim masala – davlat ishtirokidagi korxonalarni xalqaro bozorga olib chiqish. Bugungacha ushbu tizim o‘zini oqlagan va samarasini bergan. Xalqaro tashkilotlar ham buni eʼtirof etyapti.
Mutasaddilarga ekspertlarni jalb qilgan holda bu jarayonlarni davom ettirish vazifasi qo‘yildi. Bu yil xalqaro bozorlarda yana 28 ta, keyingi yil 10 ta yirik korxona aksiyalari ommaviy savdoga chiqarilishi belgilandi.
Bosh vazirga bu bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlab, ijrosini har oyda muhokama qilib borish topshirildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ