Surxondaryoda 5 mlrd so‘mlik “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etiladi
Mazkur hududdagi issiqxonalardan ijara to‘lovi 5 yil, suv uchun to‘lovlari esa 3 yil davomida undirilmaydi
O‘zbekistonda aholini kuz-qish mavsumlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashga qaratilgan Prezident qarori qabul qilindi. Hujjatga ko‘ra, 2026–2027-yillarda issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish bo‘yicha asosiy yo‘nalishlar belgilab berildi.
Qarorga muvofiq, Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida kamida 940 gektar maydonda zamonaviy issiqxona majmualari tashkil etiladi. Shuningdek, issiqxonalarda energiya tejamkor va muqobil energiya manbalariga asoslangan isitish tizimlari ulushi kamida 50%ga yetkaziladi.
Tashkil etilayotgan iqtisodiy zonaning faoliyat yuritish muddati keyinchalik uzaytirish huquqi bilan 30 yilni tashkil qiladi. Obyektni davlat muassasasi shaklida boshqarish uchun Direksiya tashkil etiladi. Maxsus texnika xarid qilish, binoni jihozlash va bosh rejani ishlab chiqish uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi hamda Davlat maqsadli jamg‘armasidan 5 mlrd so‘m ajratiladi.
Hujjatda ekologik talablar ham alohida e’tiborga olingan bo‘lib, atmosfera havosiga zararli chiqindilar chiqarayotgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini bosqichma-bosqich qisqartirish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, Sherobod tumanida “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi. Mazkur hududda faoliyat yuritadigan issiqxona xo‘jaliklariga qator imtiyozlar beriladi.
Xususan, yer uchastkalari elektron auksion orqali ijaraga berilganda 5 yil davomida ijara to‘lovi undirilmaydi. Issiqxonalarni sug‘orish va texnologik jarayonlarda foydalaniladigan oqova hamda yerosti suvlari uchun to‘lovlardan 3 yil muddatga ozod etiladi.
Anomal sovuq ob-havo sharoitlarida ekologik talablarga rioya qilgan holda ko‘mir yoqishga vaqtincha ruxsat berilishi mumkin. Shuningdek, 2026-yil 1-iyundan 2028-yil 1-iyungacha bo‘lgan davrda muhandislik tarmoqlariga bepul ulanish hamda mahsulotlarni kafolatli realizatsiya qilish ta’minlanadi.
Eksport jarayonlarini tezlashtirish maqsadida 2026-yil oxirigacha “yashil yo‘lak” tamoyili asosida ishlaydigan fitosanitariya markazini tashkil etish rejalashtirilgan. 20 gektar sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari zamonaviy agro-logistika markazini qurish uchun sanoat toifasiga o‘tkaziladi.
Shuningdek, Niderlandiyaning World Horti Center markazi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Yil yakunigacha mahalliy mutaxassislar issiqxona xo‘jaligida innovatsiyalarni o‘rganish uchun ushbu markazga yuboriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ