O‘zbekistonda sun’iy intellekt tizimiga $100 mlndan investitsiya kiritganlarga imtiyozlar beriladi
Bundan tashqari, yo‘ldoshli internet operatorlari 5 yil muddatga yer, mol-mulk, foyda va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi

Фото: пресс-служба президента
Sun’iy intellekt infratuzilmasiga $100 mlndan ko‘p sarmoya kiritgan investorlarga elektr energiyasi narxi 5 sent etib belgilanadi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.
Bugun prezident Mirziyoyev ishtirokida sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo’lib o’tdi.
Ma’lum qilinishicha, ishga tushiriladigan data markazlar xarajatining 70%i elektr energiyasiga to‘g‘ri kelgani uchun investorlar jozibador elektr tariflari masalasini ko‘targan. Shu sababli sun’iy intellekt infratuzilmasiga $100 mlndan ko‘p sarmoya kiritgan investorlarga elektr energiyasi narxi 5 sent etib belgilanadi. IT-park imtiyozlari tatbiq etiladi, import uskunalari bojxona to‘lovidan ozod etiladi. Bu boradagi ishlar dastlab Qoraqalpog‘istondan boshlanadi.
Shu bilan birga, olis hududlarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash uchun keyingi yildan yo‘ldoshli internet operatorlarining faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ular 5 yilga yer, mol-mulk, foyda va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi.
Keyingi yil sog‘liqni saqlash, energetika, bank-moliya, bojxona-soliq, transport, tog‘-kon va qishloq xo‘jaligi sohalarida sun’iy intellekt bo‘yicha 100 ta loyiha rejalashtirilgan. Ularni amalga oshirish maqsadida joriy yil 16 ta super-kompyuter sotib olish uchun $50 mln ajratildi. Keyingi yil bu mablag‘ 2 karra oshirilishi e’lon qilindi.
Selektorda qayd etilishicha, vazirlik va idoralardagi ma’lumotlar har xil serverlarda tarqoq saqlanayotgani, ularning formatlari turlicha bo‘lgani uchun ham ishlar sust ketyapti.
Shu bois, yil yakuniga qadar vazirlik va idoralardagi 55 ta, kelasi yil qolgan barcha ma’lumotlar bazalarini Elektron hukumat yagona data-markaziga o‘tkazish topshirildi. Bundan buyon vazirlik va idoralar ma’lumotlarni o‘z serverlarida saqlashiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Selektorda Vazirlar Mahkamasiga barcha vazirlik va idoralarning o‘zidagi ma’lumotlarni elektron formatga o‘tkazish grafigini tasdiqlatish, Raqamli texnologiyalar vazirligiga esa sun’iy intellekt milliy madaniyatimiz va qadriyatlarimizni o‘zida ifodalay olishi uchun “O‘zbek tili korpusi”ni yaratish topshirildi.
2026-yil yakuniga qadar katta hajmdagi raqamli ma’lumotlarni bir joyga jamlab, ularni qayta ishlash, tahlil qilish, foydalanish imkonini beradigan “Data Lake” platformasini ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ