O’zbekistonda uy-joy uchun subsidiyalar maxsus platforma orqali ajratiladi
Shuningdek, uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashga 120 mln so‘mgacha ipoteka kreditlari beriladi

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Hukumat qaroriga ko’ra «Mahalla yettiligi» tavsiyasi asosida kambag’allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo’lgan shaxslarga ipoteka kreditini ajratish tartibi to’g’risidagi nizomi tasdiqlandi.
Unga ko’ra, yakka tartibdagi uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash maqsadlari uchun asosiy stavkadan 4% bandga yuqori stavkada 120 mln so’mgacha miqdorda, 20 yilgacha muddatga ipoteka kreditlarini ajratiladi.
Shuningdek, ipoteka krediti bo’yicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun ajratiladigan kreditning 15% miqdorida hamda foiz to’lovlarining bir qismini qoplash uchun kredit muddatining birinchi 5 yili davomida 12%dan oshgan qismiga subsidiya to’lab beriladi.
Kambag’allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo’lgan shaxslarga yakka tartibdagi uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashda kadastr pasportini rasmiylashtirish va ko’chmas mulkka bo’lgan huquqlarni davlat ro’yxatidan o’tkazish bilan bog’liq to’lovlar qiymati 50%ga kamaytiriladi.
Nizomda yakka tartibdagi uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash uchun ajratilgan ipoteka kreditlari bo’yicha dastlabki badal va foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar «subsidyplatform.mf.uz» to’lov platformasi orqali ajratilishi ham belgilangan.
Subsidiya uchun talablar
Subidiyalar 18 yoshga to‘lgan va 60 yoshdan katta bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarosiga beriladi.
Shuningdek, toʻlovlarni qoplash uchun yetarli daromad manbaiga ega boʻlishi kerak. Talabgorning barcha kreditlari bo’yicha oylik to’lovlar o’rtacha oylik daromadining 60%idan oshmasligi, kreditlar bo’yicha muddati o’tgan qarzi bo’lmasligi lozim.
Ilgari ipoteka kreditlari va bozorga asoslangan uy-joy dasturi doirasida ipoteka subsidiyalaridan foydalanmaganligi, rekonstruksiya qilinadigan va ta’mirlanadigan uy yoki xususiy uy quriladigan yer uchastkasi talabgorning o‘ziga yoki u bilan birga yashovchi yaqin qarindoshlaridan biriga tegishli bo‘lib, qarz oluvchi ushbu manzilda kamida 6 oy doimiy ro‘yxatga olingan bo’lishi kerak.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ