O‘zbekistonda steyblkoinlardan to‘lov va xalqaro o‘tkazmalarda foydalanishga ruxsat berildi

Markaziy bank va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi raqamli aktivlar bozorini tartibga solish qoidalarini tasdiqladi

O‘zbekistonda steyblkoinlardan to‘lov va xalqaro o‘tkazmalarda foydalanishga ruxsat berildi

O‘zbekistonda ta’minlangan kriptoaktivlarni chiqarish va muomalaga kiritish ustidan nazorat mexanizmi joriy etilmoqda, shuningdek yangi to‘lov tizimlari tashkilotchilariga qo‘yiladigan talablar belgilandi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Yangi hujjat raqamli aktivlar bilan ishlash shartlari, kompaniyalarni ro‘yxatga olish tartibi, ularning faoliyati ustidan nazorat hamda reyestrdan chiqarish jarayonlarini tartibga soladi.

Yangilikning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • taqsimlangan reyestr (blokcheyn) asosida to‘lov tizimlarini yaratish va tokenlardan to‘lov vositasi sifatida foydalanish uchun huquqiy asos yaratish;
  • investitsiyalarni jalb qilish va raqobat muhitini rivojlantirish;
  • innovatsion moliyaviy instrumentlarni rivojlantirish;
  • foydalanuvchilar va investorlar manfaatlarini himoya qilish;
  • sinov natijalari asosida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish.

Dastur doirasida quyidagi loyihalarni amalga oshirishga ruxsat beriladi:

  • milliy yoki xorijiy valyutaga bog‘langan tokenlarni chiqarish;
  • tokenlardan O‘zbekiston hududida to‘lov vositasi sifatida foydalanish;
  • raqamli aktivlardan xalqaro pul o‘tkazmalari uchun foydalanish;
  • blokcheyn asosidagi to‘lov tizimlarini ishlab chiqish.

Shu bilan birga, quyidagi faoliyat turlari qat’iyan taqiqlanadi:

  • algoritmik kriptoaktivlarni chiqarish;
  • anonim raqamli aktivlarni emissiya qilish;
  • boshqa kriptoaktivlar bilan ta’minlangan tokenlarni chiqarish.

Qoidalarga ko‘ra, steyblkoinlarni chiqarish faqat to‘liq fiat (an’anaviy pul) ta’minoti mavjud bo‘lganda ruxsat etiladi. Ushbu mablag‘lar Markaziy bankda alohida hisobvaraqlarda zaxira sifatida saqlanishi shart.

Kompaniyalar yuqori darajadagi kiberxavfsizlik talablariga rioya qilishi lozim. Ular axborot xavfsizligi tizimlarini joriy etishi, mas’ul mutaxassis tayinlashi, ichki tartib-qoidalarni ishlab chiqishi va infratuzilmaning uzluksiz ishlashini ta’minlashi kerak.

Kompaniyalarni ro‘yxatga olish va ularning faoliyatini yuritish ustidan nazorat Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan amalga oshiriladi. Moliyaviy barqarorlik, ma’lumotlarni himoya qilish va emissiya limitlari bilan bog‘liq masalalar esa Markaziy bank bilan majburiy kelishiladi.

Pilot loyihalarni sinovdan o‘tkazish muddati 12 oy etib belgilangan bo‘lib, uni uzaytirish mumkin. Biroq umumiy sinov davri 3 yildan oshmasligi kerak. Loyihalarda ishtirok etuvchi kompaniyalar haqidagi ma’lumotlar ochiq manbalarda e’lon qilib boriladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda 10 dan ortiq bank islomiy bank xizmatlarini joriy etadi
/
O‘zbekistonda 10 dan ortiq bank islomiy bank xizmatlarini joriy etadi
Muammoli mahallalarda quyosh elektr stansiyalari o‘rnatish uchun $230 mln yo‘naltiriladi
/
Muammoli mahallalarda quyosh elektr stansiyalari o‘rnatish uchun $230 mln yo‘naltiriladi
O‘zbekistonda birinchi AES: ishga tushirish muddati e’lon qilindi
/
O‘zbekistonda birinchi AES: ishga tushirish muddati e’lon qilindi