O‘zbekistonda startaplarni qo‘llab-quvvatlash uchun 100 mln so‘mgacha grant ajratiladi

Shuningdek, o‘quvchilarga 10 mln so‘mgacha mukofot puli berilishi rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda startaplarni qo‘llab-quvvatlash uchun 100 mln so‘mgacha grant ajratiladi

O‘zbekistonda maktab, professional kollej va oliy ta’lim muassasalarini qamrab oluvchi yoshlar innovatsion loyihalarini rivojlantirish ekotizimi joriy etilmoqda. Bu haqda prezident qarori imzolandi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi.

2026-yildan boshlab mamlakatda har yili “Yosh tadbirkorlar” chempionati o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, eng istiqbolli 100 ta g‘oya har biri 1 mlrd so‘mgacha investitsiya jalb qilish imkoniga ega bo‘ladi. Moliyalashtirish Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi hamda Yoshlar ventures venchur fondi hisobidan amalga oshiriladi. Bundan tashqari, loyihalarni brendga aylantirish uchun marketing va moliyaviy xizmatlar xarajatlari BHMning 100 baravari (41,2 mln so‘m) miqdorigacha qoplanadi. G‘oliblar davlat mukofotlari hamda “Faol tadbirkor” va “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishonlariga tavsiya etiladi.

2026-yil 1-apreldan “Raqamli startaplar” dasturi ishtirokchilari IT-park rezidenti maqomini oladi. Bu ularga minimal eksport ko‘rsatkichlariga rioya qilmasdan soliq imtiyozlaridan foydalanish imkonini beradi. Shuningdek, har yili Startup expo tarmoq ko‘rgazmasi o‘tkaziladi.

2026/2027-o‘quv yilidan maktab va kollej o‘quvchilari uchun “Mahorat va biznes soati” mashg‘ulotlari joriy etiladi. 9–11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Eng yaxshi startap g‘oyasi” tanlovi tashkil etilib, tuman bosqichida 5 mln so‘mgacha, viloyat bosqichida esa 10 mln so‘mgacha mukofot puli beriladi. Ta’lim muassasalarida yaratilgan mahsulotlarni marketplace’lar orqali sotish rejalashtirilgan.

Oliy ta’lim muassasalari talabalari “Eng innovatsion g‘oya” respublika tanlovida ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. G‘oliblarga ishlanmalarni rivojlantirish uchun 100 mln so‘mdan grant ajratiladi, umumiy mukofot jamg‘armasi 10 mlrd so‘mni tashkil etadi. Universitetlarga inkubatsiya markazlari orqali talabalar va xodimlar startaplariga o‘z mablag‘lari hisobidan $20 minggacha sarmoya kiritish huquqi beriladi. OTM shtatlarida startap-menejer va treker lavozimlari joriy qilinadi.

2026-yil aprelidan davlat organlari va korxonalar o‘z tarmoq muammolarini kraudsorsing platformasiga joylashtirishi majburiy etiladi. Ushbu masalalarga startaplar har oy o‘tkaziladigan “Startap kuni” uchrashuvlari doirasida yechim taklif qiladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

2026-yilda Andijon viloyatida $798 mlnlik loyihalarni ishga tushirish rejalashtirilmoqda
/
2026-yilda Andijon viloyatida $798 mlnlik loyihalarni ishga tushirish rejalashtirilmoqda
O‘zbekistonlik milliarder Iskandar Mahmudov Bloomberg reytingida 399-o‘rinni egalladi
/
O‘zbekistonlik milliarder Iskandar Mahmudov Bloomberg reytingida 399-o‘rinni egalladi
O‘zbekistonda UzTest markazi tugatiladi
/
O‘zbekistonda UzTest markazi tugatiladi