SpaceX tarixdagi eng yirik — $50 mlrdgacha bo‘lgan IPOga tayyorlanmoqda
Kompaniya qiymati birjaga chiqishdan so‘ng $1,75 trlnga yetishi mumkin
Ilon Maskga tegishli SpaceX kompaniyasi AQSHda aksiyalarni ommaviy joylashtirish (IPO) uchun ariza topshirdi. Bu haqda Reuters manbalarga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ariza maxfiy shaklda topshirilgan. Bu kompaniyaga regulyatorlar bilan dastlabki jarayonlarni ommaga oshkor qilmasdan olib borish imkonini beradi.
Tahlilchilarga ko‘ra, IPO hajmi $50 mlrdgacha yetishi mumkin. Agar bu tasdiqlansa, joylashtirish hajmi bo‘yicha Saudi Aramco’ning 2019-yildagi rekordini ortda qoldiradi.
Ekspertlar SpaceX’ning bozor qiymati IPOdan so‘ng $1,75 trlngacha yetishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Hozirda kompaniya xususiy sektor ichida eng yuqori kapitalizatsiyaga ega bo‘lganlardan biri hisoblanadi.
Baholashning asosiy omillaridan biri — Starlink sun’iy yo‘ldosh internet tizimi. U hozirda 9 mln abonentga ega bo‘lib, barqaror daromad manbai sifatida ko‘rilmoqda. Shuningdek, kompaniya mudofaa sektorida ham yirik shartnomalarga ega.
Oldingi hisob-kitoblarga ko‘ra, SpaceX 2025-yilda taxminan $8 mlrd sof foyda va $15–16 mlrd daromad qayd etgan.
Shu bilan birga, ayrim ekspertlar Ilon Mask bir vaqtning o‘zida bir nechta yirik kompaniyalarni boshqarish imkoniyatiga shubha bilan qaramoqda. U SpaceX’dan tashqari Tesla, The Boring Company va Neuralink loyihalariga ham rahbarlik qiladi.
Shunga qaramay, mutaxassislar SpaceX’ning texnologik ustunligi va moliyaviy barqarorligini uning IPOsi muvaffaqiyatli o‘tishining asosiy omillari sifatida baholamoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ