O‘zbekistonda so‘mdagi kredit stavkalari bir oyda 0,6% ko‘tarildi
Biroq yillik hisobda kredit foizlarida pasayish kuzatilmoqda

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda so‘mdagi kredit stavkalari bir oyda 0,6% ko‘tarildi. Bu haqda Markaziy bank maʼlum qildi.
So‘mdagi kredit stavkalari
Joriy yil iyun oyida O‘zbekiston banklarida aholiga ajratilgan o‘rtacha kredit stavkalari 23,7%i tashkil etdi. May oyida stavkalar 23,1% edi. Aprelda esa undan ham pastroq — 22,9%.
Biroq yillik hisobda kredit foizlarida pasayish kuzatilganini ko‘rish mumkin. 2024-yil iyunda aholiga kreditlar o‘rtacha 24,6% dan berilgan. Yil davomida eng yuqori foiz dekabrda kuzatilgan bo‘lib, o‘rtacha 24,9% gacha yetgan.
2025-yil iyunda korxonalar uchun ajratilgan kreditlar stavkalari 22,8% bo‘lgan (2024-yil iyunda 22,7%). May oyida 22,6% edi.
Xorijiy valyutadagi kredit stavkalari
O‘tgan oyda chet el valyutasidagi qisqa muddatli kreditlar stavkalari o‘rtacha 10% ni, uzoq muddatlilari 9,7% ni tashkil etdi. May oyida kam vaqtga berilgan qarzlar 10,3%, nisbatan ko‘p muddatga ajratilgan kreditlar 9,4% edi.
Bir yil ilgari qisqa muddatli xorijiy valyutadagi kreditlar 10,2%, uzoq muddatga ajratilganlari 9,5% bo‘lgan. O‘tgan yili sentyabrda qisqa muddatga ajratilgan kreditlar stavkalari o‘rtacha 11,4% gacha yetgan.
Omonat stavkalari qancha?
Joriy yil iyunda aholi uchun so‘mdagi depozitlar stavkalari 21,4% ni, yuridik shaxslar uchun 17,9% ni tashkil etdi.
2024-yil iyunida depozitlar stavkalari fuqarolarga o‘rtacha 22%, korxonalarga 17,9% dan to‘g‘ri kelgan. Umuman olganda, aholi o‘tgan yil iyundan 2025-yil apreligacha banklarga 22% va undan yuqori foizlarda depozit joylash imkoniga ega bo‘lgan. Depozit stavkalari aprelda 21,6% ga, mayda 21,5% ga tushgan.
Shu yilning iyunida chet el valyutasidagi depozitlar stavkalari jismoniy shaxslarga 4,8%, yuridik shaxslarga 4,2% bo‘lgan. Bir yil ilgari aholi banklarga o‘rtacha 5,8% dan, korxonalar 5,4% dan omonat qo‘ygan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ