Endilikda soliq qarzi 1 mln so‘mdan oshganda elektr uchun to‘lov cheklanadi
Ushbu tartib 16-apreldan boshlab Namangan viloyatida sinov tariqasida joriy etiladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha qarzdorligi 1 mln so‘mdan oshganda uni elektr energiyasining billing tizimi orqali undirish 2026-yil 16-apreldan boshlab Namangan viloyatida joriy etiladi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Ushbu tizim viloyatda eksperiment tariqasida amaliyotga tatbiq etiladi. Shu munosabat bilan “Soliq billing” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqildi.
Agar jismoniy shaxsning soliq qarzdorligi 1 mln soʻmdan oshsa, avvalo fuqaro bir necha bosqichda ogohlantiriladi. Dastlab fuqaroga soliq hisoblanganligi haqida xabarnoma, shundan soʻng SMS orqali eslatma, agar fuqaroda “Soliq” mobil ilovasi mavjud boʻlsa, xabarnoma yuboriladi.
Bundan tashqari, my.gov.uz orqali ham fuqaroning shaxsiy kabinetiga xabar yuborilishi mumkin. Shundan keyin soliq organi tomonidan elektr toʻloviga cheklov kiritilishi mumkinligi toʻgʻrisida SMS xabarnoma yuboriladi. Ushbu SMSdagi havola orqali soliq qarzdorligi qachon shakllangani va ogohlantirish qaysi bosqichda ekanligini fuqaro kuzatib borishi mumkin.
Barcha ogohlantirishlarga qaramay, soliq qarzdorligi bartaraf etilmasa, fuqaroning elektriga toʻlov qilish imkoniyatiga vaqtinchalik cheklov kiritiladi. Qarzdorlik bartaraf etilsa, cheklov onlayn tartibda darhol bekor qilinadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ