Sirdaryoga 2026-yilda $3 mlrd investitsiya jalb qilinadi

Bundan tashqari, Shirin shahrida data-markaz, Guliston shahrida inkubatsiya va akseleratsiya markazlarini tashkil etiladi

Sirdaryoga 2026-yilda $3 mlrd investitsiya jalb qilinadi

Shavkat Mirziyoyev raisligida Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda 2026-yilda viloyatga $3 mlrd investitsiya jalb qilish vazifasi qo‘yilgani ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida hudud iqtisodiyotida tarkibiy o‘zgarishlar yuz bergan. Avvallari asosan qishloq xo‘jaligiga tayangan viloyatda sanoat va xizmatlar sohasi jadal rivojlanib, biznes muhiti yaxshilangani ta’kidlandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda Sirdaryo viloyati iqtisodiyoti 9,8%ga o‘sgan. Sanoat ishlab chiqarishi 8,2%ga oshib, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha viloyat hududlar orasida to‘rtinchi o‘rinni egallagan. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi hududiy mahsulot hajmi esa 2017-yildagi 10 mln so‘mdan 2025-yilda 38,1 mln so‘mga yetib, qariyb 3,8 barobarga oshgan.

O‘tgan yilda viloyatda umumiy qiymati $333 mln dan ortiq bo‘lgan 42 ta yirik investitsiya loyihasi amalga oshirildi. Natijada 17,5 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.

Yig‘ilishda Sirdaryoni Xitoy tajribasi asosida innovatsion hududga aylantirish bo‘yicha ishlar ham muhokama qilindi. Xitoy provinsiyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, shuningdek Koreya Respublikasi, Yaponiya va Malayziyaga amalga oshirilgan xizmat safarlari davomida investorlar bilan muzokaralar o‘tkazilib, yuzlab million dollarlik loyihalar shakllantirilgani ta’kidlandi.

Xususan, Guliston tumanida $300 mlnlik chorvachilik majmuasi va bolalar uchun oziq-ovqat ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Yangiyer shahrida esa Fransiyaning Bonduelle kompaniyasi bilan hamkorlikda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, raqamli iqtisodiyot, kosmetika sanoati, agrosanoat va qayta ishlash sohalarida ham yangi investitsiya tashabbuslari ishlab chiqilmoqda. Jumladan, Shirin shahrida data-markaz, Guliston shahrida inkubatsiya va akseleratsiya markazlarini tashkil etish bo‘yicha loyihalar shakllantirilgan.

Yig‘ilish yakunida joriy yilda viloyatga $3 mlrd investitsiya jalb qilish hamda eksport hajmini $500 mlnga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Shu orqali yalpi hududiy mahsulotni 9%ga, sanoat ishlab chiqarishini 8,2%ga, xizmatlar sohasini 15,4%ga, qishloq xo‘jaligini 6,8%ga va qurilish hajmini 15%ga oshirish rejalashtirilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Telegram Wallet’da AQSH kompaniyalari aksiyalarini sotib olish imkoniyati paydo bo‘ldi
/
Telegram Wallet’da AQSH kompaniyalari aksiyalarini sotib olish imkoniyati paydo bo‘ldi
Ko‘p kvartirali uylar qurilishida ruxsat berish jarayonlari 1,5 baravargacha qisqartiriladi
/
Ko‘p kvartirali uylar qurilishida ruxsat berish jarayonlari 1,5 baravargacha qisqartiriladi
Endilikda yo‘llarda yuzni aniqlovchi kameralar ishga tushiriladi
/
Endilikda yo‘llarda yuzni aniqlovchi kameralar ishga tushiriladi