Sinotek kompaniyasi Surxondaryoda $700 mlnlik energiya loyihasini amalga oshiradi
Jarqo‘rg‘onda ko‘mirni qayta ishlash va 220 MVt quvvatli issiqlik elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilmoqda

Surxondaryo viloyatida energiya ishlab chiqarish sohasida yirik investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda viloyat matbuot xizmat xabar bermoqda.
Bugun 16-oktabr kuni viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Xitoyning Sinotek Co., Ltd kompaniyasi Markaziy Osiyo bo‘yicha raisi Xan Yen boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Dunyoning 17 ta mamlakatida, jumladan AQShda ham faoliyat yuritayotgan Sinotek kompaniyasi energiya resurslarini ishlab chiqarish va qayta ishlash loyihalariga ixtisoslashgan.
Uchrashuv davomida Jarqo‘rg‘on tumanida ko‘mirni qayta ishlash asosida gaz va neylon mahsulotlari ishlab chiqarish hamda 220 MVt quvvatli ko‘mir yoqilg‘isida ishlaydigan issiqlik elektr stansiyasini qurish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Umumiy qiymati $700 mlnni tashkil etuvchi loyiha doirasida yiliga 1,5 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi va mingta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Tomonlar loyiha hududi bilan tanishish, texnik-iqtisodiy asoslashni ishlab chiqish hamda keyingi bosqichda kengaytirilgan formatda muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldilar.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ