Shuhratbek Qurbonov Markaziy bank tizimidagi “Simple Smart Systems” kompaniyasiga rahbar bo‘ldi

Yangi loyiha kichik biznes uchun kredit marketpleysi va sun’iy intellekt asosidagi skoring tizimini ishlab chiqadi

Shuhratbek Qurbonov Markaziy bank tizimidagi “Simple Smart Systems” kompaniyasiga rahbar bo‘ldi

Shuhratbek Qurbonov O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish bozorini texnologik transformatsiya qilishga ixtisoslashgan davlat korxonasi — “Simple Smart Systems” rahbari etib tayinlandi. Bu haqda mutaxassis oʻzining LinkedIn sahifasida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, kompaniya davlat sektoriga tegishli bo‘lishiga qaramay, startap tamoyillari asosida faoliyat yuritadi. Qurbonovning so‘zlariga ko‘ra, loyiha alohida yo‘nalishlarni takomillashtirish emas, balki moliyaviy bozorni HUMO to‘lov tizimi misolidagi kabi tubdan o‘zgartirishni maqsad qilgan.

Kompaniya faoliyati ikki asosiy yo‘nalishga qaratiladi. Ulardan birinchisi — mikrofirma va korxonalarga turli tijorat banklaridan raqobat asosida mablag‘ jalb qilish imkonini beruvchi yagona platformani yaratish.

Ikkinchi yo‘nalish sun’iy intellekt va mashinaviy o‘qitish texnologiyalari asosidagi skoring tizimini ishlab chiqishni nazarda tutadi. Rejaga ko‘ra, algoritmlar katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish orqali mijozlarning to‘lov qobiliyatini baholaydi va avtomatlashtirilishi mumkin bo‘lgan jarayonlarda inson omilini qisqartiradi.

Loyiha doirasida rahbariyat bank sektori vakillarini hamkorlikka va mamlakatda yangi biznes infratuzilmasini shakllantirishga chaqirdi.

iHamkor ma’lumotlariga ko‘ra, “Simple Smart Systems” kompaniyasi 2026-yil aprel oyida tashkil etilgan bo‘lib, ma’lumotlarni joylashtirish va qayta ishlash xizmatlari bilan shug‘ullanadi. Korxonaning ustav kapitali 57,25 mlrd so‘mni tashkil qiladi.

Kompaniya to‘liq Markaziy bank tuzilmalari — Bosh axborotlashtirish markazi (95%) va “Garov Reestri” MChJ (5%) tasarrufiga tegishli.

Eslatib o‘tamiz, Shuhratbek Qurbonov aprel oyida “TBC Bank Uzbekistan” rahbari maslahatchisi lavozimini tark etgandi. O‘shanda u keyingi faoliyati haqida ma’lumot bermay, yangi loyihalar ustida ishlayotganini bildirgan edi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Toshkentdagi ayrim bozorlarning sof foydasi 18,2 mlrd so‘mdan oshdi
/
Toshkentdagi ayrim bozorlarning sof foydasi 18,2 mlrd so‘mdan oshdi
O‘zbekistonda QQSdan ozod qilingan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ro‘yxati 518 taga yetkazildi
/
O‘zbekistonda QQSdan ozod qilingan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ro‘yxati 518 taga yetkazildi
O‘zbekistonda xorijiy valyutalarning barchasi qimmatlashdi
/
O‘zbekistonda xorijiy valyutalarning barchasi qimmatlashdi