Sherobod sement zavodi va “Sharg‘unko‘mir” yagona lot sifatida xususiylashtiriladi

Investor zavodni ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazishi va “Sharg‘unko‘mir”ga kamida $20 mln sarmoya kiritishi shart

Sherobod sement zavodi va “Sharg‘unko‘mir” yagona lot sifatida xususiylashtiriladi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Sherobod sement zavodining 100% ulushi va “Sharg‘unko‘mir” AJ aksiyalarining 99,55% qismini yagona lot doirasida xususiylashtirish jarayonini boshladi.

Obyektlarni birgalikda sotish to‘g‘risidagi qaror sement zavodini modernizatsiya qilish maqsadida qabul qilingan. Xususan, korxonani tabiiy gazdan ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish va xomashyo ta’minotini barqarorlashtirish rejalashtirilgan. Bitimni tayyorlash va hamrohlik qilish bilan Alkes Research kompaniyasi shug‘ullanmoqda.

Savdo jarayoni ikki bosqichda o‘tkaziladi: qiziqish bildirish va majburiy takliflarni topshirish. Unda mahalliy hamda xorijiy investorlar ishtirok etishi mumkin. Nomzodlardan faoliyati haqida ma’lumotlar, 5% va undan yuqori ulushga ega aksiyadorlar, yakuniy benefitsiarlar hamda so‘nggi uch yil uchun moliyaviy hisobotlar talab etiladi.

Xaridor uchun asosiy shart — investitsiya majburiyatlarini bajarish. Investor zavodni ko‘mirga o‘tkazishi va “Sharg‘unko‘mir”ga kamida $20 mln sarmoya kiritib, yillik qazib olish hajmini 1 mln tonnaga yetkazishi lozim. Arizalar 2026-yil 21-yanvar kuni Toshkent vaqti bilan 23:59 ga qadar qabul qilinadi.

Nomzodlar moliyaviy barqarorligi, AQSH va Yevropa Ittifoqi sanksiya ro‘yxatlarida yo‘qligi hamda pul yuvishga qarshi talablarga muvofiqligi bo‘yicha tekshiriladi. Davlat korxonalari savdolarda qatnasha olmaydi. Birinchi bosqichdan o‘tgan ishtirokchilar maxfiylik to‘g‘risidagi bitimni imzolab, batafsil ma’lumotlarga kirish huquqini oladi. Ikkinchi bosqichda E-auksion platformasi orqali boshlang‘ich narxning 1% miqdorida zakalat (depozit) kiritiladi.

Surxondaryo viloyatida joylashgan Sherobod sement zavodining yillik quvvati 1,5 mln tonnani tashkil etadi. Korxona 57,5 ming kv.m binolar va 580 gektardan ortiq yer maydonlariga ega. “Sharg‘unko‘mir” esa yiliga 900 ming tonna atrofida ko‘mir qazib chiqaradi hamda 12,5 km temiryo‘l tarmog‘iga egalik qiladi. Kon zaxiralari 38,6 mln tonna SS markali toshko‘mirni tashkil etadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Endilikda kredit miqdori daromadning 8 baravaridan oshmasligi belgilandi
/
Endilikda kredit miqdori daromadning 8 baravaridan oshmasligi belgilandi
O‘zbekistonda noyabr oyida avtomobil savdosi 6% ga oshdi
/
O‘zbekistonda noyabr oyida avtomobil savdosi 6% ga oshdi
O‘zbekistonda dollar kursi ko‘tarila boshladi
/
O‘zbekistonda dollar kursi ko‘tarila boshladi