Toshkentda Shahrisabz ko‘chasidagi BRT yo‘lagining birinchi qismi foydalanishga topshirildi
Loyihaning 1,2 km uzunlikdagi birinchi bosqichida oltita yangi avtobus bekati va jamoat transporti uchun alohida yo‘lak tashkil etildi
Toshkent shahrida Shahrisabz ko‘chasidagi BRT yo‘lagining birinchi qismi foydalanishga topshirildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Yo‘l harakati xavfsizligi va transport infratuzilmasini rivojlantirish boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Uzunligi 1,2 km bo‘lgan ushbu qism Shahrisabz, Mirobod va Shota Rustaveli ko‘chalari kesishmasidagi aylanma chorrahadan Amir Temur shoh ko‘chasi bilan kesishmagacha bo‘lgan hududni qamrab oladi.
Ushbu yo‘lakda katta sig‘imli avtobuslar muntazam harakatlanishi va transport yuklamasi yuqori bo‘lgani sababli yo‘l asosi to‘liq qayta qurildi. Ayrim qismlarda 2 metrdan ortiq chuqurlikda yer ishlari olib borilib, mavjud yo‘l asosi demontaj qilindi va yangi yo‘l qoplamasi shakllantirildi.
Grunt suvlari ta’siridan himoyalash, tuproq siljishining oldini olish va keyinchalik yo‘lning cho‘kishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida geotekstil materialidan foydalanildi. Shundan so‘ng yo‘l asosi bir necha bosqichda mustahkamlandi:
- 35 sm qalinlikda qum-shag‘al aralashmasi yotqizildi;
- M-75 markali mustahkamlovchi qatlam hosil qilindi;
- 9 sm qalinlikda yirik donali asfaltbeton yotqizildi;
- yuqori qoplama sifatida 5 sm qalinlikdagi PSHMA-20 markali shag‘al-mastikali asfaltbetondan foydalanildi.
Loyiha doirasida oltita yangi avtobus bekati ham tashkil etildi va jamoat transporti uchun alohida yo‘lak ajratildi. BRT yo‘lagi umumiy transport oqimidan bordyurlar yordamida jismonan ajratilgan.
Uzunligi 1,2 km bo‘lgan mazkur qism Shahrisabz ko‘chasida BRT infratuzilmasini yaratish loyihasining birinchi bosqichi hisoblanadi. Umuman, loyiha ko‘cha bo‘ylab qariyb 3 km uzunlikdagi alohida BRT yo‘lagini tashkil etishni nazarda tutadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ