Sergeli avto bozori atrofida harakatlanish sxemasi o‘zgartiriladi
Tirbandliklarni kamaytirish maqsadida qo‘shimcha mahalliy yo‘l va 2 mingdan ortiq avtomobilga mo‘ljallangan avtoturargoh tashkil etilmoqda
Фото: ЦОДД
Toshkent shahrida Sergeli tumanidagi avtomobil bozori atrofida transport harakatini tartibga solishning yangi tizimi joriy etilmoqda. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Sergeli avto bozori poytaxtdagi eng gavjum nuqtalardan biri hisoblanadi. Bozor bir vaqtning o‘zida 5,4 mingta avtomobilni sig‘dira oladi. Shundan 3,5 mingta joy avtomobillar savdosi uchun ajratilgan bo‘lsa, qolgan qismi avtoturargoh sifatida foydalaniladi. Shuningdek, hududda avtoehtiyot qismlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi 1,8 mingdan ortiq do‘kon faoliyat yuritadi. Har kuni Yangi Sergeli ko‘chasiga chiqish yo‘llari orqali 1,5 mingdan ziyod transport vositasi harakatlanadi.
Mutasaddilar ma’lumotiga ko‘ra, amaldagi harakatlanish tartibi muntazam tirbandliklarni yuzaga keltirgan. Bozorga kirayotgan haydovchilar asosiy yo‘lda tezlikni pasaytirishi, chiqayotgan transport vositalari esa oqimga keskin qo‘shilishi natijasida avariyaviy holatlar va transport kechikishlari kuzatilgan.
Muammoni bartaraf etish maqsadida bozor bo‘ylab mahalliy yo‘l qurilmoqda. U bozorga yo‘nalgan transport oqimini Yangi Sergeli ko‘chasidagi asosiy harakatdan ajratib turadi. Endilikda avtomobillar bozor hududiga yangi yo‘lak orqali kirib-chiqadi. Bu esa keskin manevrlar sonini kamaytirib, asosiy magistraldagi yuklamani yengillashtirishi kutilmoqda.
Loyiha doirasida yangi yo‘l bo‘ylab piyodalar yo‘laklari va velosiped yo‘lakchalari ham barpo etilmoqda. Bozor hududidagi avtoturargoh ham qayta tashkil qilinadi. Avval tartibsiz joylashtirilgan avtomobillar harakatga xalaqit bergan bo‘lsa, endi hududda 2 mingdan ortiq avtomobil uchun mo‘ljallangan maxsus chiziqlar chizilgan.
Markaz ma’lumotiga ko‘ra, ushbu o‘zgarishlar jamoat transporti harakat tezligini oshirish, piyodalar xavfsizligini ta’minlash va hududdagi umumiy transport vaziyatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Avvalroq Sergeli tumani hokimligi avtomobil bozori buzilishi haqidagi xabarlarni rad etgandi. Amaldagi rekonstruksiya ishlari doirasida hududdagi asfalt qoplamasi yangilanadi, savdo pavilyonlari tomlari almashtiriladi hamda yangi avtoturargoh tizimi joriy etiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ