O‘zbekiston va Serbiya $1 mlnlik venchur fondi tashkil etishni rejalashtirmoqda
Tomonlar, shuningdek, qo‘shma IT korxona tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi
Foto: IT Park Uzbekistan
O‘zbekiston va Serbiya qo‘shma IT korxona va venchur fondi tashkil etishni rejalashtirmoqda, deb xabar beradi IT Park Uzbekistan matbuot xizmati.
29-oktabr kuni Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich IT Park Uzbekistanga tashrif buyurib, tashkilot faoliyati, uning asosiy yo‘nalishlari va raqamlashtirish sohasidagi yutuqlari bilan tanishdi.
Mehmonlarga IT Park rezidentlarining loyihalari, jumladan, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va innovatsion mahsulotlar bo‘yicha yechimlar namoyish etildi. Shuningdek, delegatsiya mutaxassislarning ish jarayonini kuzatib, ularning g‘oya va tashabbuslari bilan tanishdi.
Tashrif davomida IT Park Uzbekistan va Uzinfocom vakillari Serbiya delegatsiyasi bilan raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar davomida tomonlar Serbiyada texnologik loyihalarni amalga oshirish, jumladan Palm ID tizimini ishga tushirish uchun qo‘shma IT korxona tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Shuningdek, tomonlar ikki mamlakat startaplarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiluvchi qo‘shma venchur fondini tashkil etish imkoniyatini ham muhokama qildi.
IT autsorsing va KPO-xizmatlarni rivojlantirish orqali xorijiy bozorlarga chiqish, qo‘shma ta’lim va akseleratsiya dasturlarini ishga tushirish, shuningdek, xalqaro akseleratorlar va venchur fondlari bilan hamkorlik orqali texnologik startaplarni qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlarda hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston tomoni server infratuzilmasini yaratishga sarmoya kiritish va Serbiyada Palm ID tizimini qo‘llab-quvvatlash uchun muhandislarni yollashga tayyorligini bildirdi. O‘z navbatida, Serbiya tomoni texnologiyalarni ichki bozorda joriy etish va ilgari surishga ko‘maklashish, keyinchalik yechimlarni Yevropa Ittifoqi bozoriga kengaytirishga tayyorligini tasdiqladi.
Bundan tashqari, tomonlar qo‘shma venchur dasturini ishga tushirishni muhokama qildi. Dastur qiymati $1 mln bo‘lib, mablag‘lar Yevropa bozoriga yo‘naltirilgan o‘zbek startaplarini va Markaziy Osiyo bozorlariga kirishdan manfaatdor bo‘lgan Serbiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ