Sentabr oyidan O‘zbekistonda Ai-80 benzini ishlab chiqarilishi to‘xtatiladi
“O‘zbekneftgaz” 2026-yildan faqat yuqori oktanli avtobenzin sotishga o‘tilishini reja qilgan

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
“O‘zbekneftgaz” 2025-yil sentabr oyidan boshlab Ai-80 markali benzin ishlab chiqarishni to‘liq to‘xtatishni rejalashtirmoqda. Bu haqdagi ma’lumotni kompaniya “Kapital.uz”ga tasdiqladi.
Kompaniya yil oxirigacha Ai-80 markali yoqilg‘i zaxiralarini to‘liq tugatishni mo‘ljallab, 2026-yildan boshlab faqat yuqori oktanli benzin ishlab chiqarish va sotishga o‘tishni maqsad qilgan.
“Kun.uz” nashrining yozishicha, Buxoro neftni qayta ishlash zavodida prisadkalar yordamida Ai-92 benzinini ishlab chiqarish bo‘yicha sinovlar o‘tkazilib, zarur tarkiblar aniqlangan. Sinov partiyasi tayyorlangan va kerakli infratuzilma — komponentlarni saqlash va aralashtirish tizimi — barpo etilgan.
Hozirda qo‘shimchalar bilan boyitilgan Ai-92 benzinining ommaviy ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan. “O‘zbekneftgaz” ushbu qo‘shimchalar yordamida benzin tannarxini kamaytirishga umid qilmoqda, ammo bu bo‘yicha aniq hisob-kitoblar hozircha ochiqlanmagan.
2025-yil davomida jami 1,03 mln tonna benzin ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 487 ming tonnasi Ai-80, 543 ming tonnasi esa Ai-92 va undan yuqori oktanli benzin bo‘ladi. Ai-80 faqat sentabr oyigacha ishlab chiqariladi, undan keyin oyiga taxminan 90 ming tonna Ai-92+ ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan. Yil yakuniga qadar Ai-80 zaxiralari to‘liq tugatiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ