O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot hajmi 9 oyda 7,6% ga o‘sdi
Shuningdek, kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi YIMning 33,3% ini tashkil etdi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2025-yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekiston Respublikasining yalpi ichki mahsuloti (YIM) joriy narxlarda 1 303,7 trln so‘mni tashkil etdi. 2024-yilning shu davriga nisbatan real o‘sish sur’ati 7,6% darajasida qayd etildi. Bu haqda Statistika agentligi xabar bermoqda.
YIM deflyator indeksi 2024-yilning mos davridagi narxlarga nisbatan 112,2% ni tashkil etdi. Eng yuqori deflyator ko‘rsatkichlari sanoat tarmog‘ida (113,3%) va boshqa xizmatlar sohasida (115,2%) kuzatildi. Shu bilan birga, qurilish (105,9%) hamda qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi (106,3%) tarmoqlarida o‘rtacha darajadan past bo‘lgan deflyator qayd etildi.
Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymat YIM umumiy hajmining 95,1% ini tashkil etdi va 7,7% ga o‘sdi, bu esa YIM mutlaq o‘sishiga 7,3% punkt hissa qo‘shdi. Mahsulotlarga sof soliqlar ulushi 4,9% ni tashkil qilib, 6,9% ga oshgan (YAIM o‘sishiga ta’siri — 0,3% punkt).
Shuningdek, kichik tadbirkorlik (biznes) subyektlari 2025-yilning 9 oyi davomida 638,2 trln so‘mlik qo‘shilgan qiymat yaratgan bo‘lib, bu iqtisodiyotdagi umumiy qo‘shilgan qiymatning 51,5% ini tashkil etdi. Ulardan:
- 32,0% — qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida;
- 13,4% — sanoatda;
- 11,3% — qurilishda;
- 43,3% — xizmatlar sohasida yaratilgan.
Kichik biznes ulushi tarmoqlar kesimida quyidagicha bo‘ldi:
- qishloq xo‘jaligida — 96,9%;
- qurilishda — 77,6%;
- xizmatlar sohasida — 45,1%;
- sanoatda — 26,4%.
Bundan tashqari, hisobot davrida kuzatilmaydigan iqtisodiyot (uy xo‘jaliklari, jismoniy shaxslar faoliyati va yashirin iqtisodiyot) hajmi 433,7 trln so‘mni, yoki YAIMning 33,3% ini tashkil etdi.
Shundan uy xo‘jaliklari va jismoniy shaxslar faoliyati — 333,8 trln so‘m (25,6%), yashirin iqtisodiyot — 99,9 trln so‘m (7,7%) ni tashkil etdi.
Kuzatilmaydigan iqtisodiyot tarkibida qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi eng katta ulushni — 69,4% ni tashkil etdi. Xizmatlar sohasi 36,2%, qurilish 35% va sanoat 10,2% ulush bilan qayd etildi.
Kapital.uz avvalroq 2026-yilda mamlakat o‘sish sur’ati 6,6% darajasida bo‘lishi kutilyotgani haqida xabar bergandi. Unda qayd etilishicha, yalpi ichki mahsulot hajmi $150 mlrddan oshirilib, iqtisodiyotga kamida 400 trln so‘m yo‘naltiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ