Senat 2026-yilgi davlat byudjetiga qariyb 41 trln so‘mlik o‘zgartirishlarni ma’qulladi
Byudjet xarajatlari 40,9 trln so‘mga oshiriladi, qo‘shimcha mablag‘lar ijtimoiy soha va iqtisodiy o‘sishga yo‘naltiriladi
Bugun, 18-dekabr kuni, O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 2026-yil uchun davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritishni ma’qulladi.
Senat majlisida ma’lum qilinishicha, joriy yilgi byudjet xarajatlari 40,9 trln so‘mga oshiriladi. Qo‘shimcha mablag‘lar iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash va aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga yo‘naltiriladi.
Byudjet xarajatlari qanday o‘zgaradi?
Senator Erkin Gadoyevning ta’kidlashicha, 2026-yil uchun byudjet xarajatlari ilgari tasdiqlangan 281,6 trln so‘m o‘rniga 322,5 trln so‘m etib belgilanishi rejalashtirilmoqda.
Qo‘shimcha ajratilayotgan mablag‘lar quyidagi yo‘nalishlarga sarflanadi:
- 6 trln so‘mdan ortig‘i — ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarga;
- 2,7 trln so‘m — ko‘p qavatli uylarning issiqlik energiyasi samaradorligini oshirishga;
- 1,9 trln so‘m — aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga;
- 1,6 trln so‘m — “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturiga qo‘shimcha mablag‘ sifatida;
- 3,6 trln so‘m — qishloq xo‘jaligiga;
- 5,8 trln so‘m — markazlashgan investitsiya loyihalariga;
- 4,1 trln so‘m — pensiyalar uchun byudjet transfertlariga;
- 435 mlrd so‘m — tibbiy xizmatlarni moliyalashtirishga.
Senator Gadoyevning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda pensiyalarning o‘rtacha miqdori 1,4 mln so‘mdan 1,6 mln so‘mga oshgan. Bu o‘zgarish ham byudjet xarajatlarining sezilarli ko‘payishiga sabab bo‘lgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ