Chorvoqda Sea Breeze Uzbekistan loyihasini amalga oshirish loyihasini tasdiqlandi

Hukumat loyihani amalga oshirishda investorga qat'iy shartlar qo'ygan

Chorvoqda Sea Breeze Uzbekistan loyihasini amalga oshirish loyihasini tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining 1-avgustdagi qarori bilan Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq suv ombori sohilida Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurort majmuasini barpo etish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari tasdiqlandi.

Hujjatga ko‘ra, Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish bo‘yicha hukumat komissiyasi Ozarbayjonning Agalarov Development kompaniyasi ishtirokida tashkil etilgan Sea Breeze Uzbekistan kompaniyasini 577 gektar maydonda loyihani amalga oshirish bo‘yicha eng yaxshi taklif tanlovi g‘olibi sifatida tanlagan.

Loyihaning umumiy qiymati $5 mlrdga baholanmoqda.

Bosh rejani tezkorlik bilan ishlab chiqish uchun Britaniyaning Scott Brownrigg arxitektura firmasi jalb qilinib, amaliy ishlar boshlab yuborilgan.

Toshkent viloyati hokimligiga Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda qarorning ilovasida ko‘rsatilgan yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqi, ijara va foydalanish huquqini bosqichma-bosqich bekor qilishni, keyinchalik mazkur hududlarni bo‘sh yerlar sifatida hisobga olishni ta’minlash topshirildi.

Yer toifasi o‘zgartirilib, tuman hokimligiga o‘tkazilgandan so‘ng, yer uchastkalari Sea Breeze Uzbekistan’ga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga 25 yil muddatga uzaytirishning ustuvor huquqi bilan beriladi.

Investorga tasdiqlangan bosh reja va qonun hujjatlariga muvofiq hududni lotlarga bo‘lish va boshqa shaxslarga o‘tkazish huquqi beriladi.

Dam olish maskani qurish loyihasini 2025−2035-yillarda amalga oshirish rejalashtirilgan.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi hamda “Chorvoq” turizm-rekreatsion zonasi direksiyasi hukumat qarorida belgilangan shartlardan kelib chiqqan holda ikki oy muddatda Sea Breeze Uzbekistan kompaniyasi bilan investitsiya bitimini tuzadi.

Hukumat shartlari va investor huquqlari

Hujjatga ko‘ra, kelishuv ekologik talablarga qat’iy rioya etish, jumladan, Chorvoq suv ombori va Chirchiq daryosiga chiqindi va oqova suvlar tashlanishiga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, oqova suvlarni Chirchiq shahri ovoqa suvlarni tozalash inshootlariga yo‘naltirishni nazarda tutadi. Ushbu shartlarning buzilishi loyihani to‘xtatish va yer ijarasini bekor qilish uchun asos bo‘ladi.

Loyiha doirasida investorga quyidagi huquqlar beriladi:

  • tarmoq rejalari va manzilli dasturlarni ishlab chiqish;
  • istisno tariqasida, loyihani amalga oshirish doirasida 2029-yil 31-dekabrga qadar qurilish-montaj ishlarini loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda amalga oshirish;
  • hududiy rejalashtirish va qurilish loyihalariga qo‘yiladigan talablarni mustaqil ravishda belgilashi va tasdiqlash;
  • kommunal boshqarish, investitsiya faoliyati, marketing, baholash, geologiya-qidiruv, topografik suratga olish, bino va inshootlarning texnik holatini tekshirish xizmatlarini ko‘rsatish;
  • Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda kurort hududidagi kommunal xizmatlar tariflarini belgilash;
  • kurortni qurish jarayonida investorlarga shartnoma asosida xizmat ko‘rsatish, sanitariya-gigiyena, muhandislik-kommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatish, shuningdek, ularni transport infratuzilmasi va yordamchi inshootlar bilan ta’minlash;
  • yer uchastkalarini bosh reja asosida va har bir lot bo‘yicha huquq va majburiyatlarni Yer kodeksi talablari doirasida notarial tasdiqlangan holda o‘tkazish (qo‘shimcha ijaraga berish).

Sea Breeze Uzbekistan, shuningdek:

  • yetakchi loyiha tashkilotlari bilan birgalikda xalqaro tajriba va ekologik talablardan kelib chiqqan holda bosh reja va boshqa hujjatlarni ishlab chiqadi;
  • investorlarni saralash va ular bilan muzokaralar olib borish, shartnomalar tuzish hamda investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarning bajarilishini nazorat qiladi;
  • kurort hududida loyiha-qidiruv, qurilish-montaj ishlarini olib borishda individual texnik shartlarga rioya qilish to‘g‘risida shartnomalar tuzadi va ularning bajarilishini nazorat qiladi;
  • zamonaviy turar-joy majmualari qurilishiga katta tajribaga ega mahalliy va xorijiy kompaniyalarni jalb etadi, ularga zamonaviy usullar, energiya tejamkor texnologiyalar va qurilish materiallarini qo‘llash bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar beradi;
  • O‘zbekistonda va xorijda keng ko‘lamli reklama kampaniyasini tashkil etadi;
  • muhandislik va transport tarmoqlarini rivojlantirish uchun infratuzilma to‘lovlarini to‘laydi.

Toshkent viloyati hokimligi Sea Breeze Uzbekistan kompaniyasi bilan birgalikda ilovada ko‘rsatilgan yer uchastkalariga nisbatan yerga bo‘lgan huquqlar bekor qilinishini ta’minlashi va bo‘sh yerlar sifatida ro‘yxatga olishi kerak.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Quyosh panellari o‘rnatganlarga 63 mlrd so‘mdan ortiq subsidiya berildi
/
Quyosh panellari o‘rnatganlarga 63 mlrd so‘mdan ortiq subsidiya berildi
Deputatlar renovatsiya to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi
/
Deputatlar renovatsiya to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi
O‘zbekistonda barcha xorijiy valyutalar qiymati tushdi
/
O‘zbekistonda barcha xorijiy valyutalar qiymati tushdi