Yil boshidan buyon 963,3 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi
Xususan, shu davrda mamlakatda 419 mingdan ortiq avtomobil yig‘ilgan
2025-yilning yanvar–noyabr oylarida O‘zbekistondagi korxonalar tomonidan 963,3 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,8% ga oshgan, deb xabar bermoqda Milliy statistika qo’mitasi.
2025-yil 1-dekabr holatiga ko‘ra, respublikada 59,6 mingta sanoat korxonasi faoliyat yuritmoqda. Asosiy iqtisodiy faoliyat turlari kesimida korxonalar soni quyidagicha taqsimlangan:
- oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish — 11,9 mingta;
- boshqa nometall mineral mahsulotlar ishlab chiqarish — 8,3 mingta;
- kiyim-kechak ishlab chiqarish — 6,0 mingta;
- tayyor metall buyumlar ishlab chiqarish — 4,8 mingta;
- mebel ishlab chiqarish — 4,1 mingta;
- to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish — 3,7 mingta;
- rezina va plastmassa buyumlar ishlab chiqarish — 2,8 mingta.
Aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha eng yuqori hudud sifatida Navoiy viloyati (157,5 mln so‘m), Toshkent shahri (47,0 mln so‘m), Andijon viloyati (25,5 mln so‘m) keltirilgan.
Shuningdek, respublikada aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning o‘sish sur’ati 104,7% ni tashkil etgan.
Hududlar kesimida respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori natijalar Jizzax viloyati — 112,0%, Namangan viloyati — 107,0%, Sirdaryo viloyati — 106,9%, Navoiy viloyati — 106,6%, Surxondaryo viloyati — 106,6% kabi hududlarda qayd etilgan.
Sanoat ishlab chiqarishining asosiy tarmoqlari
2025-yilning yanvar–noyabr oylarida sanoat ishlab chiqarishi tarkibida eng katta ulush ishlab chiqaradigan sanoat hissasiga to‘g‘ri kelib, 825,1 trln so‘mni tashkil etdi.
Tarmoqlar kesimida:
- Ishlab chiqaradigan sanoat — 825,1 trln so‘m, jami sanoat ishlab chiqarishidagi ulushi 85,6%;
- Tog‘-kon sanoati va ochiq konlar ishlash — 69,3 trln so‘m (7,2%);
- Elektr, gaz, bug‘ bilan ta’minlash va havoni konditsiyalash — 63,4 trln so‘m (6,6%);
- Suv bilan ta’minlash, kanalizatsiya tizimi, chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilish — 5,5 trln so‘m (0,6%).
Bundan tashqari, mamlakatda ishlab chiqarilgan avtomobillar soni quyidagicha:
| Sanoat mahsulotlari | 2024-yil | 2025-yil |
|---|---|---|
| Yuk avtomobillari | 3 116 | 4 081 |
| Yengil avtomobillar | 385 101 | 419 338 |
| shundan: | ||
| Maxsus yengil avtomobillar | 23 031 | 49 372 |
| “Cobalt” | 149 790 | 148 094 |
| “Damas” | 92 011 | 85 384 |
| “Gentra” | 12 837 | – |
| “Tracker” | 40 718 | 47 804 |
| “Onix” | 36 408 | 29 099 |
| “KIA” | 19 328 | 24 507 |
| “Chery” | 6 301 | 8 627 |
| “Haval” | 2 473 | 8 891 |
| “BYD” | 2 198 | 17 510 |
| “Tank 500” | – | 50 |
| “LADA” | 6 | – |
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ