Sanoat zonalari direksiyalariga “sanoat ipotekasi” asosida ijaraga yer berish huquqi berildi

Yangi tartib loyihalarni tezlashtirish va tugallanmagan obyektlarni samarali muomalaga kiritishni nazarda tutadi

Sanoat zonalari direksiyalariga “sanoat ipotekasi” asosida ijaraga yer berish huquqi berildi

Vazirlar Mahkamasi sanoat zonalari faoliyatini yaxshilash va ulardagi loyihalarni tezroq amalga oshirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlarni tasdiqladi. Tegishli qarorlar Lex.uz portalida e’lon qilindi.

Hujjatga muvofiq, sanoat zonalari direksiyalariga o‘z hududida joylashgan korxonalarga xizmat ko‘rsatishga qaratilgan loyihalarda ulushdor sifatida ishtirok etish huquqi berildi. Xususan, direksiyalar yer uchastkalarini bino va inshootlar qurish uchun ijaraga berishi (sanoat ipotekasi) va buning evaziga loyiha tashabbuskori kompaniyasidan ulush olishi mumkin bo‘ladi.

Ulushdorlik asosida amalga oshiriladigan servis loyihalariga kiritiladigan investitsiya miqdori kamida $100 ming bo‘lishi shart. Bunda direksiyaning loyihada ishtiroki faqat tashabbuskorning roziligi bilan amalga oshiriladi.

Loyihalar uchun yer uchastkalari umumiy tartibda onlayn-auksion orqali ajratiladi. Savdoda g‘olib bo‘lgan kompaniya sanoat zonasi direksiyasiga yer ijara huquqining bozor qiymatiga teng miqdorda, biroq 49% dan oshmagan ulushni o‘z ustav kapitalidan taqdim etadi.

Agar korxona hammuassislari direksiya ulushini imtiyozli sotib olish huquqidan foydalanmasa, ushbu ulush investitsiya bitimida belgilangan muddatda (odatda 3 yil) xususiylashtirilishi mumkin. Sotuv bitim tuzilayotgan paytdagi bozor narxida amalga oshiriladi.

Shuningdek, sanoat zonalaridagi tugallanmagan obyektlarni biznesga ajratish bo‘yicha vaqtinchalik nizom ham tasdiqlandi. U prezidentning mart oyidagi farmonida belgilangan “Sanoat zonalari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinguniga qadar amal qiladi.

Mazkur nizomga ko‘ra, qurilishi boshlangan, biroq yakunlanmagan bino va inshootlar ularni barpo etayotgan investor ishtirokchi maqomidan mahrum etilgach, yer maydoni bilan birga sanoat zonasi direksiyasi balansiga o‘tkaziladi.

Shundan so‘ng, direksiya ikki hafta ichida obyektni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishi lozim. Obyekt qiymati esa olib qo‘yilganidan keyin bir oy muddatda professional baholovchilar jalb etilgan holda aniqlanadi.

Baholash xulosasi olingach, direksiya obyektni onlayn-savdoga qo‘yish huquqiga ega bo‘ladi. Agar obyekt sotilsa, dastlabki investor bank hisob raqamiga baholangan qiymat miqdorida kompensatsiya oladi, qolgan tushum esa direksiya ixtiyorida qoladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Endilikda kredit miqdori daromadning 8 baravaridan oshmasligi belgilandi
/
Endilikda kredit miqdori daromadning 8 baravaridan oshmasligi belgilandi
O‘zbekistonda noyabr oyida avtomobil savdosi 6% ga oshdi
/
O‘zbekistonda noyabr oyida avtomobil savdosi 6% ga oshdi
Sherobod sement zavodi va “Sharg‘unko‘mir” yagona lot sifatida xususiylashtiriladi
/
Sherobod sement zavodi va “Sharg‘unko‘mir” yagona lot sifatida xususiylashtiriladi