Samarqandda $472 mln evaziga maxsus sanoat zonasi tashkil qilinadi
Shuningdek, $40 mlnlik investitsiya evaziga granit toshini qazib olish rejalashtirilmoqda

Фото: Пресс-служба президента
30-iyul kuni Davlat rahbariga Samarqand viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar yuzasidan axborot berildi.
Ta’kidlanishicha, viloyatda kambag‘allik darajasi yil boshidan beri 7,5% dan 6,4% kamaygan. Yil yakunigacha 150 ming odamni ishga joylab, 90 ming aholini kambag‘allikdan chiqarish maqsad qilingan.
O‘tgan sakkiz yilda hududda sanoat mahsulotlari 1,7 barobar o‘sib, hozir 45 trln so‘mdan oshgan. Lekin bu natijalarning 37%i Samarqand shahriga, 23%i Jomboy, Samarqand va Urgut tumanlariga to‘g‘ri keladi. Qo‘shrabot, Payariq va Nurobodda sanoat nisbatan rivojlanmagan.
Samarqand viloyatida ham “Islohotlar shtabi” tuzildi. Taqdimotda tadbirkorlarning takliflari asosida ishlab chiqilgan yangi loyihalar haqida axborot berildi.
Masalan, Nurobod tumanida 115 gektarda maxsus sanoat zonasi tashkil qilish taklif etilmoqda. U yerda $472 mlnlik investitsiya loyihalari amalga oshirilib, 1,2 mingta ish o‘rni yaratiladi. Qo‘shrabot tumanida xitoylik investorning $40 mln to‘g‘ridan to‘g‘ri sarmoyasi hisobiga granit toshini qazib olish va qayta ishlash mo‘ljallangan.
Bulung‘urlik tadbirkor “in vitro” laboratoriya tashkil etib, kartoshka urug‘i bo‘yicha brend yaratishga kirishgan. Tumanda $100 mlnlik biofarmatsevtika korxonasini ishga tushirish ham rejalashtirilgan.
Umuman, viloyatda $1,2 mlrdlik 14 ta yangi loyiha shakllantirilgan. Ularning natijasida 12 ming ish o‘rni, $82 mlnlik eksport imkoniyati ochilishi ko‘zda tutilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ