O‘zbekiston Ruminiyada savdo uyini ochib, eksportni ikki barobarga oshirishni rejalashtirmoqda
Shuningdek, Polsha bilan Brest chegara punktida o‘zbekistonlik yuk tashuvchilar uchun alohida yo‘lak ochilishi mumkin
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida tashqi savdo, logistika va eksportni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda so‘nggi geosiyosiy vaziyat sabab Yevropa yo‘nalishida yuk tashish xarajatlari qariyb ikki barobarga oshgani, bu esa milliy mahsulotlarning raqobatbardoshligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, Polsha Yevropa bozorlariga chiqishdagi asosiy logistika “darvozasi” ekani ta’kidlanib, ushbu mamlakatdagi diplomatik vakolatxonaga tashish xarajatlarini qisqartirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Xususan, polshalik hamkorlar bilan Brest chegara punktida o‘zbekistonlik yuk tashuvchilar uchun alohida yo‘lak tashkil etish masalasida kelishuvga erishish topshirildi. Bu choralar eksport oqimini tezlashtirish va logistika xarajatlarini kamaytirishga xizmat qilishi kerak.
Shuningdek, Ruminiya bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Mutasaddi vazirliklarga O‘zbekiston–Ruminiya hukumatlararo komissiyasi yig‘ilishini o‘tkazib, aniq savdo-iqtisodiy kelishuvlarga erishish topshirildi. Ruminiyaning Konstansa shahrida savdo uyini tashkil etish va 2026-yilda ushbu mamlakatga eksport hajmini ikki barobarga oshirish muhim vazifa sifatida belgilandi.
Yig‘ilishda to‘qimachilik sanoati eksportini kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi. Yiliga jami $90 mlrdlik to‘qimachilik mahsulotlarini import qiladigan AQSh, Turkiya, BAA, Xitoy, Germaniya, Saudiya Arabistoni, Rossiya va Polshada Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi vakolatxonalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Ushbu davlatlardagi elchilar bilan hamkorlikda kamida 15 ta xorijiy sorsing kompaniya va xalqaro brendlarni O‘zbekistonga jalb qilish, 100 ta mahalliy korxonada “Better Work”, “BCI” va “Organic” kabi xalqaro standartlarni joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Bundan tashqari, viloyat hokimlari elchilar bilan birgalikda yirik 500 ta to‘qimachilik eksportchisining mahsulot namunalarini xorijdagi elchixonalarda namoyish etishi zarurligi ta’kidlandi. Prezident elchilar faoliyati loyiha topish, uni olib kelish va amalda ishga tushirishga qaratilishi lozimligini, bunday loyihalarni muvaffaqiyatli yakunlagan diplomatlar uchun ustama to‘lash tizimi joriy etilishini ma’lum qildi.
Yig‘ilishda, shuningdek, joriy yilda eksportni $40 mlrdga, investitsiyalarni esa $50 mlrdga yetkazish maqsadlari qayd etildi. Har bir elchi faoliyat yuritayotgan hududning ustunliklarini chuqur tahlil qilib, eksport, investitsiya va yangi texnologiyalar bo‘yicha aniq natijalarga ishlashi shartligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, xalqaro grantlar bilan ishlashda mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotgani tanqid qilindi. Har yili xalqaro tashkilotlar va donor davlatlar tomonidan $200 mlrdga yaqin grantlar e’lon qilinayotgani qayd etilib, grantlarni jalb qilish bo‘yicha yangi va samarali tizim yaratish topshirildi.
Yakunda AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveytsariya, Xitoy, Yaponiya va Singapurdagi elchilar bilan birgalikda TOP-100 talikka kiruvchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarini O‘zbekiston oliygohlari bilan hamkorlikka jalb etish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish vazifasi belgilandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ