Rossiya Markaziy Osiyoga gaz eksportini 15% ga oshirdi
Kelgusida “Sibir kuchi 2” loyihasi gaz eksportini yanada oshirishi mumkin

Фото: РИА
Rossiyadan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonga gaz yetkazib berish hajmi 2025-yilning sakkiz oyida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15% ga oshgan. Bu haqda “Gazprom” rahbari Aleksey Miller xabar berdi.
Miller Sankt-Peterburg xalqaro gaz forumining yalpi majlisida shunday bayonot berdi. U “Sibir kuchi 2” loyihasi Markaziy Osiyoga gaz eksportini yanada kengaytirishga imkon beruvchi muhim omillardan biri bo‘lishini ta’kidladi.
“Biz 2025-yilning 8 oyini o‘tgan yilning shu davri bilan taqqoslaymiz. Markaziy Osiyoga, ya’ni O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonga Rossiya gazini yetkazib berish hajmi 15% ga oshdi. Bu katta ko‘rsatkich. “Sibir kuchi 2” megaloyihasi doirasidagi loyihalar ushbu mintaqalarga gaz yetkazib berishning yanada o‘sishiga turtki bo‘ladi”, dedi Miller.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston iqtisodiyotlari so‘nggi yillarda tez sur’atlarda rivojlanmoqda. Prognozlarga qaraganda, kelgusi 5–6 yil ichida bu mamlakatlar iqtisodiyoti 60% gacha o‘sishi kutilmoqda. Bu esa energiya, xususan, gaz iste’molining ham ortishiga olib keladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ