Rossiya 30-iyundan xorijliklar uchun raqamli ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini joriy etmoqda

Davlat xizmatlari RuID ilovasi orqali rasmiylashtirish yakunlangach, kiruvchilarga chegarada taqdim etish uchun QR-kod beriladi

Rossiya 30-iyundan xorijliklar uchun raqamli ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini joriy etmoqda

2025-yil 30-iyundan boshlab Rossiyaga vizasiz tartibda kelayotgan chet elliklar uchun raqamli kirish kodi joriy etiladi. Bu haqda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Konsullik bo‘limi ma’lum qilmoqda.

Belarus fuqarolari va olti yoshgacha bo‘lgan bolalar bundan mustasno. Rossiyaga kirish uchun xorijliklar maxsus QR-kod olishlari kerak bo‘ladi.

Kirishning yangi qoidalari Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Ukraina, Tojikiston, O‘zbekiston, shuningdek, Rossiya vizasiz rejim to‘g‘risida bitim tuzgan boshqa davlatlar fuqarolariga taalluqlidir.

Rossiyaga kirishning yangi shartlarini joriy etish 2024-yil 1-dekabrdan boshlandi. Shu kundan boshlab xorijliklar Rossiyaga Sheremetevo, Domodedovo, Vnukovo, Jukovskiy aeroportlari yoki Orenburg viloyatidagi Mashtakovo avtomobil o‘tkazish punkti orqali kelgach, majburiy tartibda biometriya (yuz surati va barmoq izlari) topshirishlari kerak.

30-iyundan kuchga kiradigan yangi choraga ko‘ra, Rossiyaga vizasiz kiradigan xorijliklar kirishdan oldin quyidagilarni amalga oshirishlari kerak bo‘ladi:

  • Davlat xizmatlari portalining Gosuslugi RuID mobil ilovasidan foydalangan holda ro‘yxatdan o‘tish;
  • shaxsiy kabinet yaratish;
  • Gosuslugi RuID’ga o‘z fotosuratlari va shaxsiy ma’lumotlarini yuklash;
  • Rossiyaga rejalashtirilgan kirishdan kamida 72 soat oldin ilovada Rossiyaga kirish va u yerda bo‘lishning taxminiy muddatlari haqidagi arizani to‘ldirish lozim.

Agar chet ellik favqulodda vaziyat (kasallik yoki qarindoshining o‘limi) tufayli zudlik bilan Rossiyaga kelishi kerak bo‘lsa, arizani rejalashtirilgan kirishdan kamida to‘rt soat oldin to‘ldirishga ruxsat beriladi.

Ariza Gosuslugi RuID ilovasida to‘ldirilgan kundan boshlab 90 kun davomida amal qiladi. Agar bu muddat o‘tib ketgan bo‘lsa-yu, chet el fuqarosi Rossiyaga kirmagan bo‘lsa, u holda arizani qaytadan to‘ldirishga to‘g‘ri keladi.

Voyaga yetmagan (muomalaga layoqatsiz) chet el fuqarosining kirish to‘g‘risidagi arizasini uning ota-onasi (yoki farzandlikka oluvchisi yoki vasiysi) to‘ldiradi.

Bunda, arizani faqat uning qonuniy vakillarining Rossiyaga kirish uchun amaldagi arizasi mavjud bo‘lgan taqdirdagina to‘ldirish mumkin.

Xorijiy fuqaroning Davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetida quyidagilar mavjud bo‘ladi:

  • kirish to‘g‘risidagi ariza qabul qilinganligi, uni qabul qilish rad etilganligi yoki ma’lumotlarni tuzatish zarurligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • Rossiyaga kirishni taqiqlash to‘g‘risidagi qarorlarning mavjudligi yoki yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

Ilova chet el fuqarolariga xizmatlarni onlayn shaklda olish (masalan, IIVga yozilish, tibbiy sug‘urta rasmiylashtirish va hokazo), rejalashtirilgan sayohatlar haqida ma’lumot berish, shuningdek pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat bilan birga QR-kod ko‘rinishida pasport ma’lumotlari va sayohat tafsilotlarini taqdim etish imkoniyatini yaratadi.

Aprel oyi oxirida Rossiya migrantlar uchun huquqiy maqomini rasmiylashtirish muddatini 10-sentabrgacha uzaytirdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

TTZ dahasigacha bo’lgan Toshkent metropoliteni yo’nalishi ikki bosqichda quriladi
/
TTZ dahasigacha bo’lgan Toshkent metropoliteni yo’nalishi ikki bosqichda quriladi
O‘zbekistonda dollar kursi tushishda davom etmoqda
/
O‘zbekistonda dollar kursi tushishda davom etmoqda
2025-yilda qurilish materiallari eksporti $1,2 mlrdga yetkaziladi
/
2025-yilda qurilish materiallari eksporti $1,2 mlrdga yetkaziladi