Rossiya 2025-yilda O‘zbekistonga gaz eskportini ko‘paytiradi
Bunda import hajmi yiliga 7,7 mlrd kub metrgacha oshiriladi, bu 2024-yilga nisbatan 2 mlrdga ko‘p

O‘zbekiston 2025-yilda Rossiyadan qo‘shimcha 2 mlrd kub metr tabiiy gaz import qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi hukumatining matbuot xizmati xabar berdi.
16-oktabr kuni Rossiya energetika haftaligi doirasida O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Rossiya hukumati raisining o‘rinbosari Aleksandr Novak o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar neft, gaz va elektroenergetika sohalarida ikki tomonlama aloqalarni kengaytirish masalalarini, shuningdek, investitsiya loyihalarini amalga oshirish va bu yo‘nalishlardagi joriy ishlarni muhokama qildilar.
Rossiya hukumati ma’lum qilishicha, “Gazprom” O‘zbekistonga har yili 7,7 mlrd kub metr tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomani bajarishda davom etmoqda. Ushbu hajm 2024-yilgi yetkazib berish ko‘rsatkichidan 2 mlrd kub metrga ko‘pdir.
Xabarda, shuningdek, suyultirilgan tabiiy gazni ham o‘z ichiga olgan holda gaz yetkazib berish hajmlarini yanada oshirish uchun “katta istiqbollar” mavjudligi qayd etilgan.
Bundan tashqari, Rossiya hukumati 2024-yilda O‘zbekistonga 233,5 ming tonna rossiyalik neft yetkazib berilganini ma’lum qildi. Ikkala davlatning neft-gaz kompaniyalari O‘zbekiston hududidagi qazib olish qiyin bo‘lgan konlarni o‘zlashtirish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
O‘tgan hafta “Gazprom” rahbari Aleksey Miller ma’lum qilishicha, joriy yilning sakkiz oyi davomida Rossiya O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga tabiiy gaz yetkazib berish hajmini 15% ga oshirgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ