Roblox va Valve O‘zbekistonda soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi

Yanvar oyidan buyon olti nafar xorijiy kompaniya QQS hisobiga qo‘yildi

Roblox va Valve O‘zbekistonda soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi

Amerikaning Roblox Corporation kompaniyasi O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Bu haqda Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

9-fevral kuni global o‘yin platformasini boshqaruvchi Roblox Corporation rasmiy ravishda QQS bo‘yicha virtual ofis reyestriga kiritildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil yanvar oyidan buyon jami olti nafar xorijiy tashkilot ushbu tartibda soliq hisobiga qo‘yilgan. Ular orasida Shveysariyada ro‘yxatdan o‘tgan FunPlus International va Epic Games Commerce, shuningdek, Singapurning Skywork AI kompaniyasi bor.

Bundan tashqari, 2-fevral kuni Claude sun’iy intellekt chatbotini ishlab chiquvchi Anthropic PBC hamda Steam platformasi egasi bo‘lgan Valve Corporation ham O‘zbekistonda soliq hisobiga olingan. Hozirda virtual QQS-ofisda ro‘yxatdan o‘tgan norezident kompaniyalar soni 84 taga yetgan.

2025-yil yakunlariga ko‘ra, xalqaro kompaniyalar O‘zbekiston budjetiga 181,3 mlrd so‘m soliq to‘lagan. Bu ko‘rsatkich avvalgi yilga nisbatan 1,5 barobar ko‘p. Ular tomonidan ko‘rsatilgan elektron xizmatlar hajmi esa 1,48 trln so‘mni tashkil etib, 47,7% ga oshgan.

Eng katta soliq to‘lovchi kompaniya Apple bo‘lib, u budjetga 49,51 mlrd so‘m yo‘naltirgan, kompaniya daromadi esa 413 mlrd so‘mdan oshgan. Shuningdek, yetakchilar beshligiga Meta (49,07 mlrd so‘m), Google (44,45 mlrd so‘m), OpenAI (11,71 mlrd so‘m) va Booking.com (4,32 mlrd so‘m) kirdi.

O‘tgan yil davomida yana 23 ta yangi xorijiy kompaniya QQS bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, sakkizta tashkilot soliq hisobidan chiqarilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Ikkita tumanda “in-vitro” laboratoriyalaridan iborat majmualar quriladi
/
Ikkita tumanda “in-vitro” laboratoriyalaridan iborat majmualar quriladi
Toshkent shahar hokimligi sobiq “Toshkent” mehmonxonasi buzilmasligini ma’lum qildi
/
Toshkent shahar hokimligi sobiq “Toshkent” mehmonxonasi buzilmasligini ma’lum qildi
E-auksion direktori Davaktiv rahbari etib tayinlandi
/
E-auksion direktori Davaktiv rahbari etib tayinlandi