Deputatlar renovatsiya to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi

Unga ko‘ra, qurilish 2 yildan ortiq davom eta olmaydi, aks holda quruvchi penya to‘laydi

Deputatlar renovatsiya to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi

Deputatlar birinchi o‘qishda hukumat tomonidan taqdim etilgan “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida” gi qonun loyihasini ma’qulladi.

Hujjat shaharsozlik hujjatlariga muvofiq shahar hududlarini yangilashga, jumladan, avariya holatidagi va eskirgan binolarni buzib, arxitektura, ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik me’yorlarga rioya qilgan holda yanada qulay, energiya tejamkor turar-joylar qurishga qaratilgan.

Loyiha renovatsiyaning maqsadlari, tamoyillari, bosqichlari, loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish tartibini, shuningdek, ushbu sohadagi davlat boshqaruvi asoslarini belgilaydi.

Tashabbus mualliflarining ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-2023 yillarda yillik 145 ming turar-joy ehtiyoji mavjud bo‘lsa-da, o‘rtacha 60 ming, 2024-yilda esa 100 ming turar-joy qurilgan. Talabni yanada qondirish uchun qo‘shimcha yer uchastkalari talab etiladi.

Qonun loyihasi ixtiyoriy ishtirok etish tamoyilini mustahkamlaydi. Barcha mulkdorlar bilan notarial tasdiqlangan kelishuv tuzilgandan keyingina uni amalga oshirishni boshlash mumkin. Uy-joydan mahrum qilish faqat sud qarori asosida va barcha qonuniy talablarga rioya etilgan holda amalga oshirilishi mumkin.

Xususiy mulk davlat tomonidan himoya qilinadi. Davlat organlari, ularning xodimlari va mansabdor shaxslari tomonidan mulkdorlar huquqlarining buzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Mulkdorlar va davlat tuzilmalari o‘rtasidagi munosabatlardagi barcha noaniqliklar mulkdorlar foydasiga hal qilinadi.

Bundan tashqari, adolatli kompensatsiya ko‘zda tutilgan, xususan, yangilanayotgan hudud doirasida yoki boshqa tumanda yangi uy-joyga egalik huquqini berish va bozor narxi bo‘yicha pul kompensatsiyasi to‘lash. Yangi uy-joy maydoni jihatidan avvalgisiga teng bo‘lishi, yashash uchun qulay sharoitlarga ega bo‘lishi va imkon qadar pastki qavatlarda joylashtirilishi lozim.

Renovatsiya doirasidagi obyektlarni qurish muddati qonun loyihasida ikki yil etib belgilangan. Ishlar o‘z vaqtida yakunlanmasa, quruvchi ko‘chmas mulk egalariga kechiktirilgan har bir kun uchun obyekt qiymatining 0,5% ini jarima sifatida to‘lashi shart.

Deputatlar ta’kidlashicha, qurilish to‘xtatilgan taqdirda loyiha “Shaharlarni renovatsiya qilishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi” ga o‘tkaziladi. Jamg‘arma yangi investor jalb qilib, loyihani yakuniga yetkazishni ta’minlaydi. Bu degani, davlat vaziyatdan qat’i nazar, har qanday boshlangan loyihaning tugallanishini kafolatlaydi.

Hujjatda ko‘rsatilishicha, yangilanadigan hududning kamida 25%i ko‘kalamzor maydonlardan iborat bo‘lishi lozim. Shunday qilib, qonun loyihasi renovatsiyaning butun jarayonini — g‘oya paydo bo‘lishidan to yangi turar-joylarni mulkdorlarga topshirishgacha bo‘lgan davrni qamrab oladi.

Renovatsiya loyihalari fuqarolar ishtirokida ochiq muhokama qilinishi kerak. Buning uchun “Shaharsozlik renovatsiyasi” elektron platformasi, rasmiy veb-saytlar va jamoatchilik fikrini o‘rganishning boshqa vositalaridan foydalaniladi. Hujjatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga yuboriladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Quyosh panellari o‘rnatganlarga 63 mlrd so‘mdan ortiq subsidiya berildi
/
Quyosh panellari o‘rnatganlarga 63 mlrd so‘mdan ortiq subsidiya berildi
Chorvoqda Sea Breeze Uzbekistan loyihasini amalga oshirish loyihasini tasdiqlandi
/
Chorvoqda Sea Breeze Uzbekistan loyihasini amalga oshirish loyihasini tasdiqlandi
O‘zbekistonda barcha xorijiy valyutalar qiymati tushdi
/
O‘zbekistonda barcha xorijiy valyutalar qiymati tushdi