O‘zbekiston yanvar oyida oltinning eng yirik xaridoriga aylandi

Mamlakat 8 tonna qimmatbaho metall sotib olgan

O‘zbekiston yanvar oyida oltinning eng yirik xaridoriga aylandi

Yanvar oyida O‘zbekiston dunyodagi eng yirik oltin xaridoriga aylandi, deya xabar berdi Jahon oltin kengashi (World Gold Council).

WGC ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy banki 8 tonnani oltin sotib olib, oltin zaxiralari hajmini qariyb 391 tonnaga yetkazdi. Bu umumiy zaxiralarning 82% qismini tashkil etadi.

Shuningdek, Xitoy Xalq banki uchinchi oy ketma-ket zaxiralarni oshirib, yanvar oyida 5 tonna qo‘shdi. Xitoyning oltin zaxiralari 2285 tonnaga yetdi, bu umumiy zaxiraning 6% ini tashkil qiladi.

Qozog‘iston Milliy banki oltin zaxirasini 4 tonnaga oshirdi. 17-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida Milliy bank raisi Timur Suleymenov bank xalqaro zaxiralarni ko‘paytirish va «iqtisodiyotni tashqi zarbalardan himoya qilish» uchun oltin sotib olishda «monetar neytrallik»ka o‘tishni ko‘rib chiqayotganini aytdi.

MBK oltin sotib olish bilan bog‘liq «ko‘zgu operatsiyalari» doirasida AQSH dollarini sotishni boshlagani xabar qilingandi. Qozog‘istonning oltin zaxirasi 288 tonnani tashkil etdi, bu umumiy zaxiraning 55% qismiga teng.

Polsha milliy banki (3 tonna), Hindiston zaxira banki (3 tonna), Chexiya milliy banki (2 tonna) va Qatar Markaziy banki (1 tonna) ham 2025-yilda sof oltin sotib olishni davom ettirdi.

Yanvar oyida eng yirik sotuvchilar 3 tonnadan oltin sotgan Rossiya banki va Iordaniya Markaziy banki, shuningdek, 2 tonna sotgan Qirg‘iziston Milliy banki bo‘ldi.

Yanvar oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy bankining rasmiy zaxiralari $42,9 mlrdni tashkil etdi, bu dekabr oyiga nisbatan $1,72 mlrdga yoki 4,2% ga yuqori hisoblanadi. 

Oltin zaxiralari qiymati $3,02 mlrdga oshib, $35,06 mlrdga yetdi va yangi rekord o‘rnatdi. Bu qimmatbaho metall kotirovkalarining bir troya unsiyasi uchun $2 900 gacha ko‘tarilishi fonida sodir bo‘ldi.

Oltinning fizik hajmi 260 ming troya unsiyasiga (8,08 tonna) — 12,3 mln troya unsiyasidan (382,57 tonna) 12,56 mln troya unsiyasiga (390,6 tonna) oshdi.

O‘zbekistonning valyuta zaxiralari $1,3 mlrdga qisqarib, $7,3 mlrdni tashkil etdi. Bu 2013-yildan buyon statistika yuritilgan butun davr uchun minimal ko‘rsatkich hisoblanadi. 

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Mubadala va TAQA Tolimarjon IESning 80% ulushini sotib oldi
/
Mubadala va TAQA Tolimarjon IESning 80% ulushini sotib oldi
O‘zbekistonda qurilish ishlari hajmi qariyb 75 trln so‘mga yetdi
/
O‘zbekistonda qurilish ishlari hajmi qariyb 75 trln so‘mga yetdi
YouTube orqali o‘zbekistonliklar yiliga $50 mln daromad topishi mumkin — ITIM
/
YouTube orqali o‘zbekistonliklar yiliga $50 mln daromad topishi mumkin — ITIM