Raqobat qo‘mitasi propan narxining oshishiga munosabat bildirdi
Narxlar o‘sishi ichki bozorda import mahsulot ulushi va uning bahosi oshgani bilan izohlandi
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi propan (suyultirilgan gaz) qimmatlashgani yuzasidan izoh berib, bu bozorda import mahsulot ulushi va narxining oshishi hisobiga yuzaga kelayotganini bildirdi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda birja savdolarida jami 358 ming tonna propan sotilgan bo‘lib, shundan 61% i (219 ming tonna) mahalliy va 39% i import mahsulot hissasiga to‘g‘ri kelgan. Yanvar-iyul oylarida ichki bozorda mahalliy mahsulotning ulushi yuqori bo‘lib, o‘rtacha 80% gachani tashkil etgan. Avgust oyidan boshlab bu ko‘rsatkich kamayib borgan va dekabr (35%) oyi va yanvarning o‘tgan davrida 10% gacha qisqargan.
Bunga asosiy sabab — mahalliy mahsulotning aholi va ijtimoiy soha obyektlariga yo‘naltirilganligi, — deyiladi qo‘mita xabarida.
Qayd etilishicha, qo‘mita tomonidan propan narxiga nisbatan boshlang‘ich narxdan oshirish chegarasi ko‘pi bilan 20% (spred) etib belgilanishi, 1 ta savdo sessiyasida 5 tonna (bungacha — 10 tonna) xarid limiti o‘rnatilishi hisobiga mahalliy mahsulot sotilish narxi yil davomida tonnasiga 7 mln so‘mdan oshmagan. Ayni paytda import mahsulot narxi 8 mln so‘mgacha shakllangan.
Shu o‘rinda qo‘mita mahalliy va import mahsulot o‘rtasida mavjud narx tafovutini eslatib, so‘nggi vaqtlarda propan qimmatlashganini import mahsulot ulushi va narxlari o‘sishi bilan izohladi.
Mahalliy va import mahsulotning boshlang‘ich (50%) va sotilish (35%) narxi o‘rtasida 40% gacha tafovut mavjud, — deya aniqlik kiritdi qo‘mita. — Biroq so‘nggi oylarda ichki bozorda import mahsulot ulushi va talabning oshishi hisobiga birja savdolaridagi o‘rtacha narx import mahsulot hisobiga shakllanmoqda. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari tomonidan import mahsulotning boshlang‘ich narxlari oshirilishi sababli bugungi kunda 1 tonna suyultirilgan gaz mahsuloti o‘rtacha 9,5 mln so‘mgacha sotilmoqda — dekabrga nisbatan o‘sish 20%”.
Qo‘mitaning ta’kidlashicha, respublikada propanda harakatlanuvchi avtomobillar ulushi — 11%, ichki bozorda realizatsiya qilingan yoqilg‘i mahsulotlarning atigi 5% i suyultirilgan gaz (propan) hissasiga to‘g‘ri keladi.
O‘z navbatida, Raqobat qo‘mitasi ichki bozorda propan narxini barqarorlashtirish maqsadida o‘z vakolati doirasida tezkor chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, AYOQSHlarda narxlar ustidan doimiy monitoring olib borilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida qo‘shimcha axborot beriladi.
Bugungi kundagi vaziyatda chakana narxlar to‘g‘risida har qanday ma’lumotning yoritilishi yoki narxlar oshishi to‘g‘risida axborot tarqatilishi ichki bozorda yagona narx shakllanishiga va bozor tamoyillari buzilishiga olib kelishi mumkin, — deyiladi qo‘mita xabarida.
Shu nuqtai nazardan, Raqobat qo‘mitasi barcha ijtimoiy tarmoq faollarini ichki bozorda narxlar oshishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan axborotlarni tarqatmaslikka chaqirdi.
Kapital.uz avvalroq Birjada propan narxi yil boshidan 15%ga oshgani va chakana bozorda propan narxi 8 kunda 6 100–6 200 so‘mdan 6 800–7 000 so‘mgacha yetgani haqida xabar bergandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ