O‘zbekistonda 2026-yildan markirovkalash qoidalarini buzganlik uchun jarimalar joriy etiladi
Bundan tashqari, ulgurji savdodagi barcha hisob-kitoblar to‘liq naqd pulsiz amalga oshiriladi

Majburiy raqamli markirovkalash tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan Prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat markirovkalangan mahsulotlarning harakat zanjirini to‘liq kuzatib borish orqali yashirin ishlab chiqarish va kontrafakt mahsulotlar muomalasiga chek qo‘yishga qaratilgan.
Unga ko‘ra, tadbirkorlar tomonidan olingan markirovka kodlarini mahsulotlarga qo‘llash uchun belgilangan 90 kunlik muddat bekor qilinadi. Foydalanilmasdan turgan markirovka kodlari uchun amalga oshirilgan to‘lovlar yangi kodlarni sotib olishda hisobga olinadi.
To‘lovlar markirovka kodlari mahsulotga bevosita qo‘llangandan keyin olinadi. CRPT Turon markirovkalash tizimi operatori mahsulotlarni agregatsiyalashda qo‘llanadigan kodlarni bepul taqdim etadi. Unda murojaatlarni tezkor hal qilish uchun uzluksiz ishlovchi Call-markaz yo‘lga qo‘yiladi.
2025-yilning 1-iyulidan raqamli markirovkalangan mahsulotlarni ulgurji sotish faqat naqd pulsiz shaklda bank hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi.
Raqamli markirovka qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi tashkil etiladi. Inspeksiya markirovkalangan mahsulotlar aylanmasining barcha bosqichlarida tizimli nazoratni ta’minlashi kerak.
1-sentabrdan xavfni tahlil qilish tizimida majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish holatlari soliq xavfi darajasini yuqori deb baholash uchun asos bo‘ladi. Majburiy raqamli markirovkalanadigan mahsulotlarni sotishda markirovka kodi biriktirilmagan EHFni rasmiylashtirish taqiqlanadi.
Chakana sotishda markirovka kodi kiritilgandan so‘ng onlayn nazorat-kassa texnikasining kassa cheki shakllantiriladi. Bunda oldin foydalanilgan markirovka kodlari mustasno.
2026-yildan majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish holatlari bo‘yicha masofaviy soliq tekshiruvini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda huquqbuzarliklar soliq organlarining axborot tizimi orqali aniqlanadi.
Tekshiruv uchun maxsus guvohnoma talab etilmaydi hamda qoidabuzarliklar aniqlansa, bartaraf etish bo‘yicha ogohlantirish beriladi. Ikkinchi marta ogohlantirish berilgandan so‘ng qoidabuzarlik yana sodir etilganda esa, jarima qo‘llanadi.
Jarima miqdori quyidagicha:
- bir oy davomida birinchi marta — sof tushumning 0,2%i;
- bir yil ichida ikkinchi marta — sof tushumning 0,4%i;
- bir yil ichida uchinchi marta — sof tushumning 1%i;
- bir yil ichida to‘rtinchi marta va undan keyingi holatlar — sof tushumning 2%i.
Jarima qo‘llanilgan tadbirkorlarga 1 yil davomida QQS summasining o‘rni qoplanmaydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ