Qurilish ruxsatnomalarini yagona tizimga birlashtirish taklif qilindi
Mas’ullar barcha ruxsat jarayonlari yagona elektron tizim orqali olish kelgusi yildan amalga oshirilishini ma’lum qildi
17-dekabr kuni Tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda qurilish sohasidagi eng og‘riqli masalalardan biri — ruxsatnomalar olish jarayonining murakkabligi va ko‘plab idoralar o‘rtasida cho‘zilib ketishi muhokama qilindi. Tadbirkorlar amaldagi tartib noqonuniy qurilishga majbur qilayotganini aytib, jarayonni tubdan soddalashtirishni taklif qildi.
Samarqandda ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor Shohrux Rashidov o‘z misolida muammoni ochiq bayon qildi. U zavod qurilishi uchun hujjatlar 6–7 oy davom etgani sababli uskunalarni kutib o‘tirmay, majburan qurilish boshlaganini aytdi.
Oldin qurib olaman, keyin hujjat qilaman degan holatga tizimning o‘zi majbur qilyapti. Bitta APZ olish uchun to‘qqizta tashkilotga borib kelishga to‘g‘ri keladi, — dedi tadbirkor.
Uning asosiy taklifi — barcha ruxsat va kelishuvlarni APZ bosqichidayoq birlashtirish, ya’ni ekologiya, yong‘in xavfsizligi, gaz, elektr, ekspertiza va GASN (Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi) ni alohida-alohida emas, bir martada, yagona oynada ko‘rib chiqishdan iborat bo‘ldi. Tadbirkorlar kamchiliklar birdan ko‘rsatilsa, ularni qisqa muddatda bartaraf etishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov tadbirkorlar pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlab, hozirgi tartibda “qonuniy qurilish uchun sharoit yetarli emas”ligini tanqid qildi.
Tadbirkorlar noqonuniy qurilish qilmaslikni xohlaydi. Lekin boshida o‘yin qoidasi aniq aytilmasa, keyin “buz” deyish ishlab chiqarishni to‘xtatib qo‘yyapti, — dedi u.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Xidoyatov taklifni o‘rinli deb baholab, aynan shu yo‘nalishda tizimli o‘zgarishlar boshlanganini ma’lum qildi. U Vazirlar Mahkamasining 666-sonli qarori qabul qilinganini va 2025-yil yanvaridan ruxsat berish jarayonlari to‘liq elektron shaklga o‘tkazilishini aytdi.
Barcha tashkilotlar elektron tizimga ulandi. Endi idoralar bir joydan turib, belgilangan muddatlarda xulosa beradi, — dedi vazir.
“Shaffof qurilish” markazi vakili esa tizim texnik jihatdan tayyor ekanini, u GIS asosida avtomatik ishlashini va kelgusida hujjatlarni olish jarayoni yarim soatgacha qisqarishi rejalashtirilayotganini bildirdi. Biroq ayrim idoralarning ma’lumot bazalari hali to‘liq raqamlashtirilmagani sababli huquqiy jihatlar ustida ish ketayotganini ham ochiq tan oldi.
Shu bilan birga, mas’ullar noqonuniy qurilishlarga nisbatan pozitsiya qat’iy qolishini ta’kidladi. Vazir Sherzod Xidoyatov noqonuniy qurilishlar inson xavfsizligi bilan bog‘liq ekanini eslatib:
Avval qurib olib, keyin hujjat qilish degan amaliyotga endi yo‘l qo‘yilmaydi, — deya qo’shimcha qildi. .
Yakunda tomonlar tadbirkorlar ko‘targan muammo tizimli ekanini tan oldi. Taklif qilingan yondashuv — ruxsatlarni birlashtirish va jarayonni yagona regulyator orqali boshqarish — amalda joriy etilayotgani, biroq huquqiy va texnik muvofiqlashtirish talab qilinishi qayd etildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ