2026-yildan boshlab QQS tushumlarining bir qismi mahalliy budjetlarga o‘tkaziladi
Xususan, Toshkent shahri budjetiga shaharda yig‘ilgan QQSning 5% qismi beriladi
Foto: Qonunchilik palatasi
Mahalliy hokimiyatlarning QQS yig‘ilishidan manfaatdorligini oshirish maqsadida 2026-yildan QQS tushumlarining bir qismi mahalliy budjetlarga o‘tkaziladi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Qonunchilik palatasining 3-dekabr kungi majlisida ma’lum qildi.
Majlisda, avvalroq xabar berganimizdek, “2026-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan muhokama qilinib, birinchi o‘qishda ma’qullandi.
Loyihada mahalliy davlat hokimiyati organlarining moliyaviy mustaqilligini oshirish va mahalliy budjetlar daromadlarini ko‘paytirish maqsadida QQS bo‘yicha tushumlarning bir qismini mahalliy budjetlarga ularning soliq bazasini kengaytirish doirasida o‘tkazish nazarda tutilgan. Ayrim yirik soliq to‘lovchilar bundan mustasno bo‘lib, ularning ro‘yxati prezident tomonidan tasdiqlanadi.
Xususan, Toshkent shahri budjetiga shaharda yig‘ilgan QQSning 5 foizi, boshqa hududlarga 20 foizi o‘tkaziladi. Tushumlarning kamida 50 foizi majburiy tartibda quyi bo‘g‘inga — tuman va shahar budjetlariga o‘tkaziladi.
Buning natijasida, vazirning so‘zlariga ko‘ra, QQS tushumi hisobidan 4,3 trln so‘m mablag‘ mahalliy budjetlar ixtiyorida qoldirilmoqda.
Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovning ta’kidlashicha, yangi chora mahalliy hokimiyat organlarini soliq yig‘ilishini nazorat qilishga jalb etishga qaratilgan. Hozirda hokimiyatlar va soliq inspeksiyalarida biznesning QQS to‘lashga o‘tishini ta’minlash uchun rag‘bat yo‘q.
Mahalliy budjetlar biznesdan QQS yoki foyda solig‘ini emas, balki aylanmadan olinadigan soliqni oladi. Budjet kodeksiga muvofiq, soliq tushumlari davlat budjetiga o‘tkaziladi, mahalliy darajada esa faqat yillik reja ko‘rsatkichidan ortiqcha summalargina qoladi.
Agar korxonaning aylanmasi 1 mlrd so‘mdan oshsa va u QQS hamda foyda solig‘i to‘lovchisiga aylansa, bu mablag‘lar viloyat budjetini chetlab o‘tadi. Buni hech kim xohlamaydi va bu tabiiy, — deya qo‘shimcha qildi bosh vazir o‘rinbosari.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Soliq qo‘mitasi soliqlar bilan bog‘liq vaziyatni nazorat qiladi. Qo‘chqorovning aytishicha, yaqin vaqt ichida Budjet kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi rejalashtirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ