Qoraqalpog‘istonda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga 2,2 trln so‘m yo‘naltiriladi
Bundan tashqari, cho‘llanishga qarshi 15 ming gektar maydonda “yashil belbog‘” barpo etiladi
Qoraqalpog‘istonda aholi punktlarining markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti tizimlarini rivojlantirish uchun xalqaro moliya institutlari, davlat va mahalliy budjetlar hisobidan jami 2,2 trln so‘m yo‘naltiriladi. Bu haqda 21-fevral kuni qabul qilingan prezident qarorida belgilangan.
Shuningdek, qarorga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish va ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha qator yirik loyihalar amalga oshiriladi.
Jumladan, Jahon bankining “O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasi doirasida Qoraqalpog‘istonni hududiy rejalashtirish strategiyasi ishlab chiqiladi. Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomi berilgan Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlari hamda Nukus shahri uchun fazoviy va master rejalar tayyorlanadi. Ushbu hujjatlar infratuzilma loyihalarini tanlash va ularga o‘zgartirish kiritish uchun asos bo‘ladi.
2027-yil 1-aprelga qadar xalqaro moliya institutlari ko‘magida Nukus shahrining arxitekturaviy qiyofasini yangilash va zamonaviy shahar konsepsiyasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Infratuzilmani yaxshilash maqsadida 2026-yilda yirik obyektlar qurilishi boshlanadi. Xususan, Nukus shahrida tirbandliklarni kamaytirish maqsadida Nukus shahri va Taxiatosh tumanini bog‘lovchi 2,2 km avtomobil’ yo‘li, 1 ta ko‘prik hamda “D 234 (4R176)” Nukus — Chimboy — Taxtako‘pir avtomobil yo‘lining 4 km qismida yangidan yo‘l o‘tkazgich quriladi. Shuningdek, qator hududlarda ichimlik suvi tarmoqlari va kanalizatsiya tizimlari qurilishi, avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilinishi ko‘zda tutilgan.
Ushbu loyihalar Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida erishilgan kelishuvlar doirasida Qoraqallog‘iston Respublikasini rivojlantirish dasturini 2027-yildan boshlab natijaga asoslangan moliyalashtirish tizimi (PforR) bo‘yicha jalb etiladigan $200 mln hisobiga amalga oshiriladi.
Ekologik holatni yaxshilash maqsadida 2026−2030-yillarda Nukus shahri atrofida 15 ming gektar maydonda “yashil belbog‘” barpo etiladi. Uning 3 ming gektarida daraxt va butalar ekiladi. Bu tadbirlar cho‘llanishga qarshi kurashishga qaratilgan.
Shuningdek, 2026−2028-yillarda maishiy chiqindilarni boshqarish tizimini modernizatsiya qilish dasturi amalga oshiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ