Qirg‘iziston 2026-yildan O‘zbekistonga suv sotadi
2025-yil 1-iyulda qabul qilingan va 2026-yil 1-yanvardan kuchga kiradigan yangi kodeks suvni neft va gazga tenglashtirilgan tovar sifatida belgilaydi

Фото: Ekonomist.kg
Bishkek suv resurslarini boshqaruvi o‘zgartirilmoqda. Bu o‘zgarishlar butun Markaziy Osiyodagi iqtisodiy va siyosiy munosabatlarni qayta shakllantirishi mumkin. Bu haqda Rasul Kusherbayev o’z rasmiy sahifasida xabar bermoqda.
2026-yilda kuchga kiradigan yangi Suv kodeksiga muvofiq, Qirg‘iziston suvdan foydalanuvchi barcha tomonlar, jumladan, qo‘shni davlatlar uchun ham haq joriy etadi.
Yaqinlashib kelayotgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Bishkekka tashrifi davomida asosiy mavzu — suvdan birgalikda foydalanish masalalari bo‘ladi. 2025-yil 1-iyulda qabul qilingan va 2026-yil 1-yanvardan kuchga kiradigan yangi kodeks suvni neft va gazga tenglashtirilgan tovar sifatida belgilaydi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, yuqori oqimdagi davlatlar, jumladan Qirg‘iziston, daryo oqimini ta’minlash evaziga yetarli kompensatsiya olmay kelmoqda. Qirg‘iziston umumiy oqimning atigi 20% idan foydalanadi, qolgan qismi esa qo‘shni hududlarga oqib o‘tadi.
2025-yil 7-sentabrda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston mintaqadagi suv-energetika muvozanatini tartibga solishga oid navbatdagi protokolni imzoladi. Ushbu hujjat 2026-yilgacha amal qiladi va Toktog‘ul suv omboridan suv chiqarish hamda buning evaziga elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha tomonlarning majburiyatlarini belgilab berdi.
Qozog‘iston energetika vaziri Erlan Akkenjenov o‘z mamlakati majburiyatlarini bajarib kelayotganini ta’kidladi hamda sheriklardan ham xuddi shunday yondashuvni kutayotganini aytib, buni barqarorlikning asosi deb atadi. Biroq, mazkur kelishuv faqat vaqtinchalik choradir.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ